NATO Toshkentda vakolatxonasini ochmoqchi

NATO va O‘zbekiston hukumati rasmiylari xabarlariga ko‘ra, Toshkentda Shimoliy Ittifoq idorasi ochiladi.

Bu haqda NATO vakili Rossiyaning RIA "Novosti" axborot agentligiga aytgan.

O‘zbekistondagi "Novy vek" ro‘znomasi ushbu xabarni O‘zbek hukumatidagi rasmiy tasdiqlagani haqida xabar tarqatgan.

NATO vakolatxonasi ochilish marosimining 16 may kuniga mo‘ljallangani va unda NATOning Markaziy Osiyo va Qofqoz bo‘yicha vakili Jeyms Appaturay qatnashishi xabar qilingan.

Vakolatxonaning mintaqadagi vazifalari nimalardan iborat bo‘lishi hozircha ma‘lum emas.

NATOning Toshkentda vakolatxona ochishi haqidagi xabar Ukraina inqirozi sabab G‘arb va Rossiya munosabatlari taranglashgan paytga to‘g‘ri kelgan.

9 may kuni O‘zbekistonda Xotira va Qadrlash kuni nishonlanishi munosabati bilan gapirgan Prezident Islom Karimov Ukraina masalasini tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgan.

O‘zbekiston bilan Shimoliy Ittifoq o‘rtasidagi aloqalar 1991 yilda yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq 2005 yil Andijondagi norozilik O‘zbek hukumati tomonidan shafqatsiz bostirilgach, O‘zbekistonning G‘arb davlatlari, xususan AQSh bilan munosabatlari yomonlashdi.

Xonoboddagi AQSh bazasi O‘zbekiston talabiga ko‘ra yopildi.

Munosabatlar 2008 yilga kelib yana yo‘lga qo‘yilgan.

2009 yilda O‘zbekiston NATOning Afg‘onistondagi kuchlariga yuklarni yetkazib berish maqsadidagi "Shimoliy yo‘nalish"ga qo‘shilgan.

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni olib chiqish muddati 2014 yilgacha etib belgilangan, bunda ham O‘zbekiston ko‘magiga umid bog‘langan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002