Portugaliya "Bunyodkor" sobiq Bosh murabbiyini tergovga tortmoqchi

Image copyright Getty

Xabarlarga ko‘ra, braziliyalik nomdor murabbiy Luiz Felipe Skolari soliqdan bo‘yin tovlashda ayblanmoqda.

Ammo Braziliya milliy terma jamoasining amaldagi Bosh murabbiyi bu borada umuman boshqacha fikrda: Uning ta‘kidlashicha, hech qanday qing‘ir ishga qo‘l urmagan.

So‘nggi xabar manzarasida eslatib o‘tish joiz, janob Skolari Toshkentga ishga o‘tmasidan biroz avval, ya‘ni 2003-2008 yillarda Portugaliya milliy terma jamoasini boshqargan.

Braziliyalik murabbiy Portugaliya tomonining maqsadlari haqida allaqachon rasmiy bayonot bilan ham chiqib ulgurgan.

Uning o‘z bayonotida aytishicha, "dunyoning qay bir davlatida ishlagan bo‘lmasin, o‘z daromadlari yuzasidan doimo hisob berib kelgan".

Portugaliya tomonining da‘volari esa, Braziliya mezbonlik qilayotgan jahon chempionatiga sanoqli haftalar qolgan bir paytda yangramoqda.

Agar, "Associated Press" axborot agentligiga tayanilsa, Portugaliya Bosh prokuraturasi Luiz Felipe Skolariga qarshi allaqachon jinoiy ish ochgan.

Ammo, braziliyalik nomdor murabbiyga ko‘ra, "O‘z daromadlari haqida bergan hisobotlari to‘ppa-to‘g‘ri ekaniga ishonchi komil".

"Agar, qandaydir xato o‘tgan bo‘lsa, bu mening aybim emas", - deydi janob Skolari.

Hamma gap nimada?

Image copyright Getty

Gollandiya va Portugaliya ommaviy-axborot vositalariga ishonilsa, hamma gap janob Skolariga portugal milliy terma jamoasiga Bosh murabbiylik qilgan paytda to‘langan $10 million AQSh dollarida.

"Het Financieele Dagblad" nomli golland nashri esa, hatto, bu xususda bir hujjat ham chop etilgan.

Bu hujjatda da‘vo qilinishicha, braziliyalik murabbiy suratlardan foydalanish huquqi orqasidan topgan daromadini yashirgan va Mayamidagi bank hisobiga o‘tkazgan.

Xabarlarga ko‘ra, portugaliyalik tergovchilar pul o‘tkazish jarayonida kimlar ishtirok etgani xususida ma‘lumot so‘rab, rasman murojaatnoma ham yo‘llab ulgurishgan.

Voqealarning bu kabi rivoji manzarasida esa, janob Skolari, "adolat hammasining tagiga yetishiga" umid qilmoqda.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Braziliya milliy terma jamoasi 2002 yilda uning murabbiyligi ostida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

O‘tgan hafta esa, Luiz Felipe Skolari bu yilgi kubok uchun bellashuvchi jamoasi a‘zolari tarkibini rasman e‘lon qilgandi.

Braziliyalik nomdor murabbiy

Image copyright AFP

Luiz Felipe Skolari mamlakati milliy terma jamoasiga 2001 yilda Bosh murabbiy etib tayinlangan bo‘lsa, oradan yil o‘tib, 2002 yilda Braziliyani jahon chempioni qilgan.

Ammo milliy terma jamoaning olamshumul g‘alabasi ortidan, Luiz Felipe Skolari Bosh murabbiylikdan ketgan.

Janob Skolari 2004-2008 yillarda Portugaliya milliy terma jamoasi bilan ishlagan va jamoani Ovro‘po chempionatining final, jahon chempionatining esa, yarim final bosqichigacha olib chiqqan.

Shundan so‘ng rossiyalik milliarder Roman Abramovichning "Chelsi"sini boshqargan, ammo klubning ketma-ket muvaffaqiyatsizligi ortidan, bir yil o‘tmay, ishdan bo‘shatilgan.

Luiz Felippe Skolari murabbiylik faoliyati davomida Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Quvayt va O‘zbekistonda ham ishlagan.

"Bunyodkor"

Image copyright stadion.uz

Luiz Felipe Skolari 2009-2010 yillarda o‘sha paytda Osiyoning eng serxarj va osmono‘par jamoalaridan biri hisoblangan Toshkentning "Bunyodkor" jamoasiga ham Bosh murabbiylik qilgan.

Klub o‘zining qit‘a va jahon chempioni bo‘lish orzusini amalga oshirish uchun braziliyalik murabbiy bilan bir yarim yilga shartnoma imzolagandi.

Ammo Osiyo chempionlar ligasidagi ketma-ket mag‘lubiyati ortidan "dunyoning eng qimmat" va dongdor murabbiylaridan biri Luiz Felippe Skolari "Bunyodkor"ni bir yil o‘tmay, muddatidan ilgari tark etgandi.

O‘sha paytda Ovro‘podagi ayrim nashrlar "Bunyodkor" bilan shartnomasi Luiz Felipe Skolarini "dunyodagi eng qimmat murabbiy"ga aylantirgani haqida yozishgandi.

Lekin klubning o‘zi janob Skolari bilan shartnoma qiymatini rasman ochiqlamagan.

Ayrim web sahifalarda chop etilgan xabarlarda braziliyalik murabbiyning "Bunyodkor"dan ketishiga asosiy homiylaridan biri deb ko‘rilgan "Zeromaks" shirkati hisoblarining muzlatilishi sabab bo‘lgani ham aytilgandi.

Ammo BBC bilan suhbatida klub voizi ushbu xabarlarni tasdiqlamagandi.

G‘arb matbuotida ushbu shirkat prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning nomi bilan bog‘lanardi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002