Islomdan voz kechgani uchaun o‘lim jazosi bilan yuzma-yuz

Image copyright AP

Sudan mahkamasi 27 yoshli Maryam Yah‘yoga yaqinda qabul qilgan nasroniy dinidan voz kechishi uchun payshanba kunigacha muhlat bergan.

Aks holda Maryam Yah‘yo o‘limga yuz tutadi.

Maryam Yah‘yo Islomiy e‘tiqoddan voz kechish, zino qilishda ayblanadi.

Ya‘ni mahkamaga ko‘ra, u nasroniy kishiga turmushga chiqqani uchun nikohi halol hisoblanmaydi.

Reuters axborot agentligiga ko‘ra, Maryam bilan bog‘liq hodisa Sudanda ilk bor yuz bermoqda.

Mahkama oxirgi qarorni 15 may kuni beradi.

Sudan faollari ayblov hukmini keskin qoralaganlar va Sudan hukumatini insonlarning e‘tiqod erkinligini hurmat qilishga chaqirganlar.

"Ushbu voqea tafsilotlari Sudan rejimining fuqarolar shaxsiy hayotiga qo‘pol ravishda aralashishini anglatadi", deb aytgan Sudan Yoshlar harakati o‘z murojaatida.

Xartumdagi G‘arb elchixonalari ham ushbu ish bo‘yicha "chuqur xavotirlari"ni bildirishgan.

"Biz Sudan hukumatini insonlarning din erkinligi, xususan o‘z qarashlari va e‘tiqodini o‘zgartirish huquqini hurmat qilishga chaqiramiz", deyiladi AQSh, Kanada, Britaniya va Hollandiya elchixonalari birgalikda e‘lon qilgan murojaatda.

G‘arb diplomatlari Sudan hukumatini "Maryam xonim ishiga adolat va tushunish bilan yondashish"ga chaqirgan.

Ayni vaqtda Sudan Axborot vaziri Ahmad Bilol Usmon "Bu nafaqat Sudanda, Saudiya Arabistoni va hamma musulmon mamlakatlarida musulmonning o‘z dinini o‘zgartirishiga yo‘l qo‘yilmaydi", deb aytgan Frans Press agentligiga.

Prezident Umar Hasan al-Bashir hukumati 2011 yilda neftga boy Janubiy Sudanning ajralib chiqishi natijasida ulkan iqtisodiy va siyosiy muammolar qarshisida qolgan.

Bashirning qattiq iqtisod choralarini joriy qilish harakatlari mamlakatda katta norozilik namoyishlarini keltirib chiqargan, o‘nlab kishilar o‘ldirilgan, yuzlabi jarohat olgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002