Afg‘onistonda prezidentlik saylovlarining ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tadi

Afg‘oniston Markaziy Saylov Komissiyasining e‘lon qilishicha, aprel oyida o‘tkazilgan saylovlarda hech qaysi nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz ololmagani sababli saylovlarning ikkinchi davrasi o‘tkaziladi.

Avvalroq Komissiya saylovlarning nihoiy natijalarini e‘lon qilib, unga ko‘ra Abdullo Abdullo 45% va uning asosiy raqibi Ashraf G‘ani 31.6% ovoz olgani aytildi.

Ularning ikkisi endi 14 iyun kuniga belgilangan ikkinchi davra saylovlarda bellashadilar.

Qolgan 6 nomzod saylovlardan chiqib ketgan.

O‘tgan hafta nomzodlardan biri Zalmay Rasul Abullo Abdulloga qo‘llovini e‘lon qilgandi.

Saylovlar natijalari minglab ovozlarning qayta saylanishini o‘z ichiga olgan shikoyat arizalarini ko‘rib chiqish jarayonidan so‘ng e‘lon qilindi.

Lekin qayta sanashlar ham ikki yetakchi nomzod mavqeiga ta‘sir qilgani yo‘q.

Ammo doktor Abdulloning da‘vo qilishicha, shikotyalar adolatli ravishda ko‘rib chiqilganda u 50% dan ko‘proq ovoz olishga muvaffaq bo‘lardi.

Ham Abdullo va ham G‘ani Afg‘oniston hukumatining sobiq vazirlaridir.

Millionlab afg‘onlar 5 aprel kuni o‘tkazilgan saylovlarda Toliblar po‘pisalariga qaramay faol qatnashdilar.

Toliblar saylovlarning birinchi davrasini izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lmagan bo‘lsalar ham hozirda havoning isishi tufayli hujumlarni amalga oshirish osonlashgani ikkinchi davraning xavfsizligini ta‘minlash masalasini o‘ta dolzarb qilishi mumkin.

Bu yil Afg‘onistondan xorijiy kuchlarning chiqib ketishi kutilar ekan kelgusi Prezident o‘ngida xavfsizlikni ta‘minlash va barqarorlikni saqlab qolish kabi ulkan vazifa turadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002