Ekspert: "Markaziy Osiyoda yadroviy terrorizm xavfi oshmoqda"

Image copyright REUTERS

O‘zbekiston rasmiysining ta‘kidlashicha, Markaziy Osiyoda yadroviy inshootlarning mavjudligi bu mintaqani yadroviy terrorizm oldida ojiz qilib qo‘ymoqda.

O‘zbekistondagi mintaqaviy xavfsizlik muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi ijrochi direktori Alisher Badalboyev yadroviy materiallar terrorchi kuchlar qo‘liga tushib qolishidan xavotirlar xavfi oshib borayotganini aytgan.

Dushanbeda o‘tayotgan "Mintaqaviy barqarorlikni ta‘minlashdagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining roli: muammolar va istiqbollar" ilmiy anjumanida gapirgan janob Badalboyevga ko‘ra, o‘tgan 10 yil ichida qayd qilingan yadroviy materiallarning noqonuniy savdosi urinishlarining 650tasidan 300tasi sobiq sho‘ro davlatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

"Hech qanday shubha yo‘qki, xavfsizlikka bo‘lgan noan‘anaviy tahdidlar turi ortib borar ekan, yadroviy qurollarni tarqatmaslik muammosi yanada dolzarb bo‘la boshladi", - dedi O‘zbekiston rasmiysi.

Badalboyev janoblari O‘zbekiston o‘z oldiga Markaziy Osiyoni yadroviy qurollardan xoli mintaqaga aylantirish bo‘yicha kelishuvga imkonqadar xayrixohlik qilish vazifasini qo‘yganini aytdi.

O‘zbekistonga qo‘shni Qozog‘iston o‘z mustaqilligining ilk yillarida o‘z yadroviy inshootlarini yopganiga qaramay, yadroviy materiallar saqlanib qolmoqda.

Semipalatinsk shahrida uch tonna plutoniy va katta miqdorda o‘ta boyitilgan uran saqlanishi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer