Qozog‘iston ijtimoiy tarmoqlarida Ovrosiyo Ittifoqiga qarshi "flash-mob"

Qozog‘iston ijtimoiy tarmoqlarida Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qarshi o‘ziga xos flash mob boshlangan.

Profilga tibbiy niqob bilan tushilgan rasmni joylash aktsiyasi Facebookning qozog‘istonlik foydalanuvchilari sahifalarida juda ham qisqa muddatda tarqaldi.

Tadbir ishtirokchilari shu yo‘l bilan 29 may kuni Ostonada Rossiya, Belarus va Qozog‘iston davlat rahbarlari ishtirokida imzolanadigan Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qarshi bo‘lgan odamlarni aniqlab olish ekanligini aytishmoqda.

"Bu Rossiya bilan ittifoqqa qo‘shilishni istash-istamasligi to‘g‘risida fikri so‘ralmagan odamlarimiz orasida o‘ziga xos ijtimoiy so‘rov. Shu yo‘l bilan odamlar Ovrosiyo ittifoqiga qo‘shilishni hamma ham istamasligini namoyon qilish uchun ham bu aktsiya o‘tkazilmoqda. Biz yuqoriga signal berishimiz kerak", - deb yozadi aktsiya tashkilotchilaridan Marat Kivashev.

Ushbu yozuvdan so‘ng tibbiy niqob taqib rasmga tushgan Qozog‘istonliklarning suratlari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ko‘paydi.

Ular orasida viloyatlardagi oddiy ishchi yoshlardan tortib siyosatchi va huquq faollarini ham uchratish mumkin.

"Afsus bugun hamma yigitlar ham ishga chiqqani yo‘q, biroq bizning hammamiz Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqiga qarshimiz", deydi yuziga tibiyot niqobini taqib olgan 6 nafar yigit bilan rasmga tushgan chimkentlik Ilyos Mirzahmetov.

Huquq faoli Yerlan Kaliyev ham ushbu aktsiyada ishtirok etgan faollardan. Uning BBCga aytishicha, Qozog‘iston hukumati mamlakatdagi har qanday norozilik aktsiyasini, hattoki u bir kishilik piket bo‘lsa ham qonun nomi bilan bostiradi. Ijtimoiy tarmoqlar norozilik bildirish yo‘llaridan biri bo‘lib qolmoqda.

"29 may kuni mamlakat prezidenti undan hech kim so‘ramagan bo‘lsa ham xalq nomidan Ovrosiyo ittifoqi bo‘yicha kelishuvga imzo chekmoqchi. Shuning uchun Facebookdagi faol ishtirok etuvchilar yuziga niqob taqish orqali o‘zlarining noroziligini bildirishga qaror qildi", - deydi Yerlan Kaliyev.

Huquq faoli Ukraina inqirozi ortidan Rossiya agressiyasi kuchayib borayotganini va bunday vaqtda ushbu davlat bilan ittifoq tuzishning oqibatlari xatarli bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Ovro‘osiyo ittifoqiga qarshi bo‘layotganlar bu kabi qarorlar referendum orqali hal qilinishi kerakligini va noto‘g‘ri bosilgan qadam mamlakat suverenitetiga ta‘sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Tibbiy niqoblilar aktsiyasi hozircha ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazilmoqda. Aktsiya ishtirokchilari hujjat imzolanishi kuni arafasida ushbu norozilik tadbirini ko‘chalarga chiqib bildirish ehtimoli borligini ma‘lum qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002