Tojik prezidentining qizi va kuyovi nufuzli lavozimlarga ko‘tarildi

Image caption Imomali Rahmon 1992 yildan beri davlatni boshqaradi

Tojikiston prezidentining qizi Ozoda Rahmon Tashqi ishlar vazirining birinchi muovini etib tayinlangan. Ayni damda, prezidentning kuyovi Tojikistonning Rossiyadagi konsuli etib tayinlangan.

BBC tojik xizmati xabar qilishicha, 2009 yildan beri Tashqi ishlar vazirining muovini vazifasini o‘tab kelayotgan Rahmon xonim yana bir pog‘onaga ko‘tarilgan.

Ozoda Rahmon Tojikistonda xalqaro munosabatlar mutaxassisligi bo‘yicha universitetni tamomlagan. U, shuningdek, AQShning Jorjtaun Universitetida tahsil olgan.

2007 yilda u Tashqi ishlar vazirligining Konsullik bo‘limiga rahbar etib tayinlangandi. Ozoda Rahmonning turmush o‘rtog‘i Jamoliddin Nuraliyev Tojikiston Moliya vazirining o‘rinbosaridir.

Ozoda Rahmon Prezident Imomali Rahmonning ikkinchi qizidir. Prezident Rahmon yetti qiz va ikki o‘g‘ilning otasidir.

Prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam o‘tgan yili Soliq qo‘mitasining rahbari etib tayinlangandi.

Ayni damda tojik hukumatiga yaqin Asia-Plus xabar agentligi Prezident Rahmonning kuyovi Ashraf Gulov Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasining Konsullik xizmati rahbari etib tayinlaganini xabar qildi.

Ashraf Gulov Prezident Rahmonning qizi Parvinaga uylangan.

61 yoshli prezident mamlakatni 1992 yildan beri boshqarib keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer