Turkiyada kon portlashi ortidan ish tashlash e‘lon qilindi

Image copyright BBC World Service

Turkiyada kasaba uyushmalar mamlakat tarixidagi eng yomon kon fojiasidan norozilik bildirib bir kun ish tashlaganlar. G‘arbiy Soma shahridagi konda yuz bergan portlash 700dan oshiq konchining yer ostida qolib ketishiga sabab bo‘lgan. Kamida 282 konchi halok bo‘lgani ishoniladi.

Kasaba uyushmalariga ko‘ra, kon sektorining yaqinda xususiylashtirilishi undagi ish sharoitlarini xavfli qilib qo‘ygan.

Payshanba kuni mamlakat bo‘ylab uch kunlik motam boshlandi.

Chorshanba kuni Somada bir kun avval yuz bergan bu hodisadan g‘azablangan olomon namoyish qilgan.

Hukumat rasmiylari portlash ortidan 363 konchi qutqarib olingani, biroq chorshanba tongidan beri hech kim kondan olib chiqilmaganini xabar qilishgandi.

Image copyright AFP

Energetika vaziri Taner Yildiz chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi yana sakkiz jasad chiqarib olinishi ortidan, qurbonlar soni 274dan 282ga yetganini bildirdi. 150 nafarcha konchi hali ham bedarak qolmoqda.

Lekin, yer ostida katta miqdorda yig‘ilib qolayotgan gaz tufayli qutqaruv ishlari bir necha soatga to‘xtatilgan, va janob Yildiz kon ichidagi yong‘in qutqaruv choralarini qiyinlashtirayotganini aytdi.

Soma koni 2005 yilda xususiylashtirilgandi.

Image copyright Reuters
Image caption Turkiyaning yirik shaharlarida noroziliklar yuz berdi

Turkiyaning muxolifatdagi CHP partiyasiga a‘zo deputat hukumatni ayni hududdagi kon halokatlarini tergov qilishdan bosh tortishda aybladi.

Biroq, Mehnat vazirligi xabariga ko‘ra, konlar muntazam ravishda tekshirib turilgan, hamda oxirgi tekshiruv mart oyida o‘tkazilgan.

Hodisa Somada chorshanba kuni g‘azabnok namoyishlarga sabab bo‘lgan. Odamlar hududga tashrif buyurgan va matbuot anjumani o‘tkazgan Bosh Vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mashinasini tepkilab, uning iste‘fosini talab qilganlar.

Politsiya bir necha kishini hibsga olgan, ba‘zi suratlarda bosh vazir qo‘riqchilari hamrohligida do‘konda boshpana topgani namoyon bo‘lgan.

Image copyright

Poytaxt Anqarada politsiya universitetdan Energetika vazirligiga yurishga uringan 800 nafarcha namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘llagan.

Istanbulning Istiqlol savdo ko‘chasida ham politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlarni ishga soldi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer