Qrimda ommaviy namoyishlar o‘tkazish taqiqlandi

Image copyright AP

Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksyonov Ukraina sharqidagi voqealar sabab yarim orolda 6 iyungacha har qanday ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanishini bildirgan.

Yana bir necha kundan so‘ng Qrim tatarlarning deportatsiya qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan xotira marosimlar o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

Qrim tatarlar 1944 yilda Stalin tuzumi tomonidan nemis fashistlar bilan til biriktirishda ayblanib Markaziy Osiyoga deportatsiya qilingan edi.

May oyi boshida Kiyevdan qaytayotgan Qrim tatarlar rahbari Mustafo Jamil o‘g‘li yarim orolga qayta kiritilmagan. Uni Qrimdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi mumkinligi iddao qilingan.

18 mayda belgilangan ommmaviy marosimga xorijiy davlatlardan mehmonlar taklif qilingan.

Turkiya, Ruminiya, Ovro‘poning boshqa davlatlari va AQShdan qrim tatarlar jamoasi vakillari avia qatnovlar haqida aniq ma‘lumot yo‘qligi bois, yetib kelmasliklari mumkin.

Image copyright Reuters
Image caption Qrim tatarlar rahbari Mustafo Jamil o‘g‘lining o‘zi ham yarim orolga qo‘yilmagan

Bundan oldin Mustafo Jamil o‘g‘li ularni Qrimga kiritmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgani haqida ma‘lumot borligini aytgan.

Qrim tatarlar rahbari deportatsiyaning 70 yilligi nishonlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Rossiya va Qrim hukumati barcha imkonlarni ishga solishidan, hatto qrim tatarlar va xavfsizlik xodimlari , hamda rossiyaparastlar o‘rtasida to‘qnashuv keltirib chiqarishlari mumkinligi haqida xavotir bildirgan Interfaks-Ukrainaga.

Mustafo Jamil o‘g‘li o‘zining vataniga kirishni Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ijobiy hal qilishiga umid bildirgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002