Hindiston saylovlari: muxolifatdagi milliy partiya g‘alaba qozondi

Image copyright AFP
Image caption Narendra Modi tarafdorlari g‘alabani bayram qilishmoqda

Dunyodagi eng yirik parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan Hindistonda dastlabki natijalarga ko‘ra, "Bxaratiya janata" milliy partiyasi eng ko‘p ovoz olgan.

Boshqaruvdagi Hindiston milliy kongressi parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganini tan olgan va muxolifat o‘rnini egallashini bildirgan.

Hukumatni mustaqil tuzish uchun partiyalar 272 o‘rinni egallashlari talab qilinadi. "Bxaratiya janata" harakati esa parlamentda 277 o‘rinni qo‘lga kiritgan.

BBC muxbiri Soutik Bisvasga ko‘ra, 1984 yildan buyon biror bir siyosiy partiya aksariyat ko‘pchilik ovozga ega bo‘lolmagani hisobga olinadigan bo‘lsa, "Bxaratiya janata" katta ustunlik bilan g‘alabaga erishgani hayratlanarli.

Hindistondagi parlament saylovlari bir oy davom etdi va miqyosi jihatidan dunyoda eng yirik deb ataldi. 814 million saylovchining ro‘yxatga olinishi kuzatuvchilar fikricha, Hindistonni dunyodagi eng demokratik davlat sifatida namoyon qiladi.

Muxolifdagi "Bxaratiya janata" rahbari Narendra Modi saylov kampaniyasini uyushqoqlik, ko‘tarinkilik bilan olib borgani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ta‘kidlandi.

Janob Modi millatchilik g‘oyalari va mamlakat iqtisodini tez sur‘atlar bilan rivojlantirish va‘dalarida qat‘iy turgani bilan saylovchilar ishonchini qozongan.

Image copyright AFP
Image caption Gandilar sulolasining siyosatdagi oxirgi vakili Raxul Gandi Modining asosiy raqibi bo‘ldi

Hindistonda ovoz berish yetti bosqichda, 7 apreldan 12 maygacha o‘tkazildi. Unda 66 foizdan ortiq saylovchi qatnashgani ham 1984 yildan buyon eng yuqori ekanligi qayd etildi.

Jami 550 million saylov qog‘ozlari tarqatilgan. Parlamentdagi o‘rin uchun sakkiz ming ikki yuz ellik nomzod da‘vogarlik qiladi.

Saylov jarayonida mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shunga qaramasdan, saylov maskanlarida kelib chiqqan tartibsizliklarda bir qancha musulmonlar halok bo‘lgan.

G‘olib chiqqan Narendra Modi partiyasi saylov kampaniyasi davomida o‘zini musulmonlarga toqatli qilib ko‘rsatishga harakat qilgan.

"Bxaratiya janata" 2002 yilda musulmonlar va hindular o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan Gujarat shtatida obro‘yi ancha baland.

Saylovlarda mingdan ortiq mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etganlar.

Image caption Jamiyatda boylar va qashshoqlar o‘rtasida katta farq bo‘lgan Hindistonda Modi partiyasi yangi ishchi o‘rinlari yaratish va farovon hayot va‘da qildi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002