Prezident Karimov 2015 dan keyin ham hokimiyatda qolishiga ishora qildi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov yaqin kelajakda iste‘foga ketish niyati yo‘qligini bildirgan.

Payshanba kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqanddagi xalqaro anjumanda gapirgan 76 yoshli Karimov oliy lavozimdan ketishga shoshilmayotganini aytgan.

U o‘zining uzoq vaqt hokimiyatda qolayotgani bilan bog‘liq tanqidlarni rad etgan.

"Meni uzoq o‘tirganim uchun tanqid qilishadi", - degan janob Karimov xorijlik diplomatlar va mehmonlarga qarata.

"Ammo men ishlashni xohlayman. Buning nimasi yomon?", deya xitob qilgan Prezident Samarqandning Islomiy uyg‘onish davri ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanda.

Bu O‘zbekistonni chorak asrdan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimovning 2015 yildan keyin hokimiyatda qolish-qolmaslik borasida hozirga qadar qilgan birinchi bayonotidir.

Shu yil boshida sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlar Karimov hokimiyatni topshirishga tayyorlanayotgani haqidagi farazlarga sabab bo‘lgan edi.

Ehtimoliy nomzodlar qatorida uning hozirda nazardan tushgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev va Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatovlar tilga olingan.

"Kutilgan" bayonot

1991 yildagi birinchi prezidentlik saylovlarida janob Karimovning raqibi bo‘lgan taniqli shoir va muxolifatchi Muhammad Solihga ko‘ra, Prezident Karimovning bayonoti nafaqat uning o‘zi, balki ko‘pchilik uchun kutilgan bo‘lgan.

"Men hamma vaqt Karimov toki hayot ekan, hech qachon hokimiyatni birovga berib qo‘ymasligini aytib kelganman. Bu uning tabiatiga ziddir", - deydi muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati rahbari.

Ayni paytda janob Solih Karimovning yana bir muddat prezidentlikda qolishini bu kabi "jo‘n bir shaklda" e‘lon qilishi o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini aytadi.

"Shuncha yildan buyon davlatni Konstitutsiyaga amal qilmagan holda boshqarib kelayotgan odam, 25 yildan keyin yana hokimiyatda qolish uchun hech bo‘lmasa, bironta jiddiyroq sabab uydirishi kerak edi. Ammo Karimov shuni ham qilmadi", - deydi Muhammad Solih.

Shu hafta boshida O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi navbatdagi parlament saylovlarining shu yil 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tishini e‘lon qilgan.

Prezident saylovlarining aniq sanasi e‘lon qilinmagan, ammo tahlilchilar mamlakat Konstitutsiyasiga tayangan holda, prezidentlik saylovlarining 2015 yil martida bo‘lib o‘tishini bashorat qilishmoqda.

O‘tgan yili Senat prezident saylovlarini 2014 yil dekabridan 2015 yilning birinchi yarmiga qoldirish haqidagi o‘zgarishni ma‘qullagan.

O‘zbekiston Senati shuningdek, Prezident vakolatlarining bir qismi Bosh vazirga berilishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni ham qabul qilgan.

Kuzatuvchilar "konstitutsiyaviy islohotlar" daya taqdim etilgan bu o‘zgarishlarning amalda O‘zbekistondagi yakkahokimlik boshqaruviga ta‘sir ko‘rsatishini savol ostiga oladilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002