Messi dunyodagi eng ko‘p maoshli futbolchiga aylanmoqchi

Image copyright BBC World Service

Xabarlarga ko‘ra, Lionel Messining bu shartiga u to‘p suruvchi Ispaniyaning nahang "Barsa"si ham rozi.

Joriy paytda esa, yiliga 15.6 million funt sterlinglik maoshi bilan Angliyaning qizil iblislari hujumchisi Ueyn Runey dunyodagi eng yirik maoshli futbolchi bo‘lib turibdi.

"Real" Madrid yulduzi, amaldagi "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" va Messining "ashaddiy" raqibi Krishtianu Ronaldu esa, yiliga 14.25 million funt sterlingga teng miqdorda maosh oladi.

Shunday ekan, amaldagi Ispaniya chempioni shu kunlarda to‘rt karra "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" bilan yangi shartnoma imzolamoqchi.

Lionel Messining "Barsa" bilan o‘tgan yil fevral oyida imzolagan so‘nggi shartnomasi 2018 yilga bo‘lgan muddatni ko‘zda tutardi.

Ispan jamoasining 26 yoshli futbol yulduzi bilan yangi shartnomasi tafsilotlari hozircha ma‘lum emas.

Lionel Messi "Barselona" o‘zining yutuqlarida qattiq orqa qilgan futbolchilardan biri bo‘ladi.

U joriy mavsumda 43 bor maydonga tushgan bo‘lsa, 41 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, ming nahang bo‘lmaydimi, "Barsa" Messining shartiga osonlik bilan ko‘nmagan: Muzokaralar ancha uzoqqa cho‘zilgan.

Agar, Ispaniya matbuoti qilayotgan da‘volarga ishonilsa, argentinalik nomdor futbolchi jamoada 2019 yilgacha qoladi va yiliga 20 million yevro maosh oladi.

Keyin ko‘rsatgan o‘yiniga qarab bonuslardan ham bahramand bo‘ladi.

Ikki tomon uchun ham manfaatli

Image copyright AP

"Barsa" Bosh murabbiyi Xerardo Martinoga ko‘ra, "Bu har ikki tomonni ham xotirjam qiladi: Messi o‘zini arzitilgan his qilsa, klub jahondagi eng zo‘r futbochilardan birini asrab qoladi".

Asosan "Barselona" futbol maktabining mahsuli bo‘lgan Messi ispan nahanggi safida ilk bor 2004 yilning oktyabr oyida maydonga tushgan bo‘lsa, shu paytgacha o‘tkazgan 405 uchrashuvida 342 ta to‘p kiritgan.

O‘tgan 10 yil ichida esa, "Barsa"ning olti bor Ispaniya chempioni, uch bor Ovro‘po Chempionlari chempioni, ikki bor Ispaniya Kubogi, ja‘mi 21 bor yirik turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishida xizmati beqiyos bo‘lgan.

Messining yangi shartnomasiga oid xabar jamoaning yana bir bor Ispaniya chempioni bo‘lishi ehtimoli arafasida o‘rtaga chiqmoqda.

"Barselona" bu yilgi mavsumning shu shanba kuni bo‘lib o‘tajak yakuniy va hal qiluvchi uchrashuvida turnir jadvali peshqadami "Atletiko" Madridni o‘z maydonida qabul qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002