Toshkentda NATOning vakolatxonasi ochildi

Image copyright NATO

Juma kuni Toshkentda NATOning mintaqa davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Marosimda Shimoliy Atlantika ittifoqining Markaziy Osiyo va Qafqos bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Appaturay, NATOga a‘zo davlatlar elchilari va o‘zbek rasmiylari ishtirok etgani xabar qilinadi.

NATO vakili O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ham muzokaralar olib borgan.

O‘zbekiston bilan Shimoliy Ittifoq o‘rtasidagi aloqalar 1991 yilda yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq 2005 yil Andijondagi norozilik O‘zbek hukumati tomonidan shafqatsiz bostirilgach, O‘zbekistonning G‘arb davlatlari, xususan AQSh bilan munosabatlari yomonlashdi.

Xonoboddagi AQSh bazasi O‘zbekiston talabiga ko‘ra yopilgandi.

Munosabatlar 2008 yilga kelib yana yo‘lga qo‘yilgan.

2009 yilda O‘zbekiston NATOning Afg‘onistondagi kuchlariga yuklarni yetkazib berish maqsadidagi "Shimoliy yo‘nalish"ga qo‘shilgan.

"Kichik idora"

Mintaqaviy idora tarqatgan bildirishda vakolatxona NATOning "kichik diplomatik missiya" ekani urg‘ulanadi.

Xabarda aytilishicha, NATOning Toshkentdagi idorasi mintaqadagi hamkorlar bilan mudofaa va harbiy tayyorgarlik doxil turli sohalarda hamkorlikni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, NATO amaliyotlariga dastak berish ham vakolatxonaning faoliyat doirasiga kirishi qayd etilgan.

O‘zbekistonning NATO bilan yaqinlashuviga Afg‘onistondagi amaliyotlar sabab bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston NATO amaliyotlari uchun muhim tranzit nuqtasi hisoblanadi.

NATO Afg‘onistondan qo‘shinlar va harbiy texnikani olib chiqishda O‘zbekiston temir yo‘llaridan foydalanadi.

Qo‘shma Shtatlar va NATO Afg‘onistondan ittifoq qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng ham mintaqa davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlik davom etishini aytmoqda.

Shu oy boshida Toshkentga safar qilgan AQSh Davlat Kotibining birinchi o‘rinbosari Nikolas Byorns Qo‘shma Shtatlar mintaqani o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi, deb ishontirgan.

Garchi Toshkentda NATOning mintaqaviy vakolatxonasini ochish borasida avvalroq kelishilgan esa-da, kuzatuvchilar Ukrainadagi voqealar manzarasida O‘zbekistonning g‘arb bilan harbiy hamkorligiga yana bir marta e‘tibor qaratishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002