Lui van Gal "Manchester Yunayted" bosh murabbiyi etib tayinlandi

Image copyright Getty
Image caption Lui van Gal dunyoning eng nomdor murabbiylaridan sanaladi

"Manchester Yunayted" futbol jamoasi rasmiy web sayti xabariga ko‘ra, hollandiyalik Lui van Gal jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan.

62-yoshli Lui van Gal bilan uch yillik shartnoma imzolangan.

"Manchester Yunayted" sobiq murabbiyi Devid Moyes aprel oyida ishdan bo‘shatilgandi.

Aleks Fergyusonning o‘rniga bosh murabbiylikka tayinlangan Devid Moyes jamoani bor-yo‘g‘i 10 oy boshqardi.

Hozirda Niderlandiya terma jamoasi rahbari bo‘lgan Lui van Gal o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida Ispaniyaning "Barselona", Olmoniyaning "Bavariya" va Hollandiyaning "Ayaks" futbol jamoalariga rahbarlik qilgan.

Van Gal yetakchiligida "Ayaks" UEFA kubogi va superkubogi, Qit‘alararo kubok, uch karra Niderlandiya superkubogi va UEFA Chempionlar Ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.

Uning "Manchester Yunayted" jamoasi bilan shartnomasi kelgusi oy Braziliyada bo‘lib o‘tajak Jahon Kubogidan so‘ng kuchga kirishi aytilmoqda.

Moyes ishdan bo‘shatilgach jamoaga vaqtinchalik bosh trenerlik qilgan Rayan Giggs Van Gal yordamchisi etib tayinlangan.

Dunyoning eng yirik futbol jamoalaridan biri hisoblangan "Manchester Yunayted" bu yil Angliya Premer Ligasida yettinchi o‘rinni egalladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002