Putin qo‘shinlarini Ukraina chegaralaridan olib ketishni buyurdi

Image copyright AP

Rossiya Prezidenti Putin mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Bryansk, Belgorod va Rostov viloyatlarida harbiy mashqlarda bo‘lgan qo‘shinlarini doimiy dislokatsiya joyiga qaytarishga farmon bergan.

Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar tarqatdi.

"Qo‘shinlarning mavsumiy rejali tayyorgarliklari tugashi munosabati bilan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Rostov, Belgorod va Bryansk viloyatlaridagi harbiy poligonlarida mashq o‘tkazgan qo‘shinlar doimiy harbiy bazalarga qaytishi va yaqin poligonlarda harbiy mashqlarni davom ettirishiga buyruq berdi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga Moskva rasmiy Kiyevdan Ukraina janubi-sharqidagi jazo amaliyotlarini tezlik bilan tugatishni talab qilgan. Rossiya Ukrainaga muammoni tinch yo‘l bilan yechish kerakligini aytgan.

Ukrainadagi vaziyat keskinlashishi orqasidan Rossiya 24 aprelda harbiy mashqlar o‘tkazish maqsadida chegaraga 40 mingga yaqin qo‘shinlarini joylashtirgan.

O‘z navbatida Ukraina ham Rossiyaga yaqin chegaralarida 15 ming qo‘shinini jamlagan. Bundan tashqari NATO o‘tgan oy Ukraina bilan chegaradagi a‘zo davlatlari hududida harbiy mashqlar boshlab yubordi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu NATO qo‘shinlarining Rossiya chegaralariga keltirilishidan xavotir bildirgan. Rossiya G‘arb ommaviy axborot nashrlarida "aksilrossiya talvasasi"ni qoralagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002