Rossiyaparast jangarilarning jamlog‘ida nima o‘rganiladi?

Qurollangan jangari guruh Ukraina sharqidagi o‘z jamlog‘i bilan tanishish uchun BBCga eksklyuziv ruxsat bergan.

Bu yerda yollangan jangarilar mamlakat armiyasiga qarshi kurash yo‘llarini o‘rganadilar.

Panorama dasturi ijodkorlari Ukraina sharqida ziddiyatlar boshlanganidan beri bu jangarilarning qo‘mondoni faoliyatini yaqindan kuzatib keldi.

Bugun ayni qo‘mondon qo‘l ostida yuzdan ortiq jangari to‘plangan.

Rossiya chegarasiga yaqin o‘rmonda bu jangarilar harbiy hamla sirlarini o‘rganishadi.

Atigi bir necha kun avval ham bu yollanma jangarilar oddiy kasb egalari bo‘lgan ukrainaliklar edi.

Kimdir supermarketda, kimdir konda va yana kimdir shunchaki ishchi kasbi sohiblari...

Hatto qo‘mondonning o‘zi Aleksey Mozgovoy ustalar shirkatiga boshchilik qilardi.

Endi esa Aleksey o‘zining nazarida Kiyevdagi "noqonuniy hukumatga" qarshi kurashga tushgan...

"Hozir fuqarolar urushi... allaqachon bu urush boshlandi. Slavyanskda birinchi o‘q uzilishi bilan boshlandi bu urush. Ukraina sharqi bir maromda Rossiya bag‘riga qaytmoqda, bu fakt", deydi u.

"O‘lim hukmi"

Bu jangari guruhning faoliyatiga turtki bergan holat Fevral inqilobidir.

Guruh a‘zolariga ko‘ra, Kiyevdagi hukumat noqonuniy va ovro‘poparastdir.

Bu hukumat bizga xizmat qilmaydi deb ishonishadi ular...

Ayni harbiy jamloqdan maqsad shuki, bu tayyorgarliklar tugaganidan keyin har bir kishi yangi guruh tuzadi va alal-oqibat Ukraina sharqidagi har bir shahar o‘zining jangarilar to‘dasiga ega bo‘lishi kerak.

Sergey ismli jangarilardan biri esa "ular banditlar, bizni bo‘lginchi deyishadi, bizni umrbod qamoq jazosi bilan qo‘rqitishmoqda... Biz uchun ular urush jinoyatchilari va o‘limga hukm etilishlari kerak", deydi.

Vikton ismli boshqa bir jangari esa "mening oilam men bilan faxrlanishadi, chunki men ularga va boshqa oilalarni himoya qilmoqdaman, xavfsizlikni ta‘minlamoqdaman", deydi.

Bu jangarilar birga yashashadi, birga jang sir-asrorlarini o‘rganishadi va boshlari uzra Rossiyaning yirik partiyalaridan biri LDPRning bayrog‘ini hilpiratishadi.

Panorama dasturi ilk bor Aleksey bilan o‘tgan mart oyida uchrashdi.

O‘shanda Aleksey Kiyevga qarshi faoliyat uchun tarafdorlar qidirib yurardi.

Alekseyga ergashganlar o‘shanda juda oz edi.

"Menga ishonmaysiz, ammo men hamma qatori ishlab, yashab yurgan edim. Menga qudrat kerak emas. Menga qonun va tartib kerak va odamlarning dodini eshitishlari muhim", deydi Aleksey.

U bizni bugun vayronaga aylangan korxona tomon yetaklaydi.

Bu yerda minglab odamlar ishlashgan bir paytlar...

Mana shuning uchun ham biz Rossiya bilan yaqinlashmog‘imiz kerak, deydi Aleksey.

"Biz hamma narsani berib yubordik. Atom bombalarini ham zavodu fabrikalarni ham...Rossiya tushunadi. Tinchlikni istaysanmi, urushga tayyor bo‘l degan aqidani tushunadi...

"Bular radikallardir"

Luganskdagi ilk ma‘muriy binolar norozi aholi vakillari tomonidan "ishg‘ol" etilar ekan, Aleksey bu vaziyatni norozi kuzatar edi.

"Bular radikallar...ular binolarni bosib olishadi, xo‘p, keyinchi", deb so‘raydi u.

U bilan navbatdagi uchrashuvimiz Alekseyning Moskvaga safaridan keyin ro‘y berdi.

G‘arb prezident Putinni mintaqadagi etnik ziddiyatlarni gij-gijlashda ayblamoqda edi...

Aleksey o‘z safarining tafsilotlari haqida biz bilan suhbatlashmadi.

Faqat Rossiya parlamentdagi ikki yirik partiya vakillari Sergey Mironov va Vladimir Jirinovskiy bilan uchrashganini aytdi.

Aleksey va uning izdoshlari endilikda qurollangan va harbiy ust-bosh kiyib olishgan.

Ammo qurollar qayerdan kelgani haqida so‘raganimizda, Aleksey gapni "olib qochar" edi.

"Barak Obama. Barak Obama o‘z siyosati bilan bizni qurollantirdi. Agar u uyida o‘tirib, boshqalarning ishiga burun tiqmaganida hech qanaqa qurol bo‘lmas edi. Suriyada ham, Liviyada ham va bu yerda ham", deydi Aleksey.

Referendumlar

Ammo Moskvaga safar taasurotlari haqida savollar qaytarilgani bilan javobsiz qoldi...

"Nimaga siz faqat shunga qiziqasiz? Boshingizga bir mushkul tushsa o‘z birodaringiz va qarindoshlardan so‘raysizmi yordam? Kimdan so‘raysiz?"

Uning aytganlarida bir ma‘noda jon bor.

Amerika va Ovro‘po Kiyevdagi hukumatni qo‘llab-quvvatlash bilan nisbatan mo‘‘tadil yo‘lda bo‘lganlarni ham radikallashtirdi.

Endi ular faqatgina Kiyevdan ajralishni emas, balki Rossiyaga qo‘shilishni istashadi.

Biz Alekseyni 11 may kuni referendumda ovoz berishini ham filmga oldik.

U bu gal o‘zining yangi tanqo‘riqchilari bilan paydo bo‘ldi.

Donetsk va Luganskdagi bo‘lginchilarga ko‘ra, qariyb yuz foiz aholi "mustaqillik" uchun ovoz berishgan.

Ukraina, Ovro‘po Ittifoqi va Amerika bu referendumlarni noqonuniy deb e‘lon qildi.

Rossiya esa natijalarni hayotga tatbiq etish kerak degan mavqeida sobit.

Mamlakat bo‘ylab prezidentlik saylovlari esa 25 mayga mo‘ljallangan.

Bu saylovda kim g‘olib bo‘lmasin unga bo‘lingan mamlakat meros qolishi aniq.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002