Ukraina inqirozi: Slavyansk va Kramatorskda vaziyat beqaror

Image copyright AFP

Ukraina Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Kramatorsk va Slavyanskda tunda aksilterror amaliyotlar o‘tkazilgan.

Slavyansk va Kramatorsk aholisi ham shaharda dushanbaga o‘tar kechasi janglar uzoq davom etganini aytganlar.

Ayni paytda shaharda gaz, suv va elektr taqchilligi sezilmoqda.

Ukraina kuchlari va bo‘lginchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda bir harbiy o‘lgani, uchtasi yaralangani haqida xabar tarqalgan. Ukraina Mudofaa vazirligi bu ma‘lumotlarni o‘rganmoqda.

Shuningdek, harbiylar aksilterror amaliyotlarda "Kramatorskdagi harbiy aerodromni portlatmoqchi bo‘lgan terroristlar"ni ushlaganini aytgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, ulardan ikkitasi Rossiya telekanalining jurnalistlari bo‘lishgan.

Bo‘lginchilarning harakatini onlayn tartibida yoritib borgan va o‘zlarini Rossiya fuqarolari va jurnalistlar deb tanishtirgan noma‘lum kishilar hibsga olinib militsiyaga topshirilgani aytiladi.

Lifenews kanali Ukrainadagi ikki xodimi yo‘qolganini xabar qilgan.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov YeHHT prezidenti Dide Burkxalter bilan bog‘lanib, rossiyalik jurnalistlarni ozod qilish uchun imkoniyatlarini ishga solishga chaqirgan.

Harbiylarning bildirishicha, bo‘lginchilarning zenit raketa texnikasi qo‘lga olingan. Bunday modeldagi qurol Ukraina Qurolli kuchlarida yo‘q, degan ular.

Ukraina Mudofaa vazirligi aksilterror amaliyotida tinch fuqarolarga zarar yetmaganini ta‘kidlaydi.

Putin qo‘shinlarni orqaga qaytardi

Ayni vaziyatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rostov, Belgorod va Bryansk viloyatlarida harbiy mashqlarda qatnashgan qo‘shinlar doimiy dislokatsiya joyiga qaytishlariga buyruq bergan.

Rejali mavsumiy mashqlarning nihoyasiga yetgani munosabati bilan Rossiya prezidenti qo‘shinlarni orqaga qaytarishga buyruq berdi, deyiladi Kreml matbuot xizmati bayonotida.

Bundan oldin NATO Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegaralaridan olib ketilmaganini aytib, sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarni namoyish etgan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002