Urumchidagi hujumda 31 kishi halok bo‘ldi

Image copyright MANGA

Xitoyning Shinjon mintaqasida hujumchilar ikki mashinani bozordagi xaridorlar ustiga haydashi oqibatida 31 kishi qurbon bo‘lgan.

Xitoy matbuotida berilgan xabarlarga ko‘ra, Urumchi shahrida sodir etilgan hodisada hujumchilar shuningdek, portlovchi moddalarni otganlar.

Sinxua agentligining yozishicha, 90 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Jamoat xavfsizligi vazirligi hujumini "vahshiyona terrorchilik amali", deb ta‘rifladi.

Yaqin-yaqinlargacha aksar aholisi uyg‘urlar bo‘lib kelgan Shinjon Muxtoriyati oxirgi yillar mobaynida qator hujumlarga sahna bo‘ldi.

O‘tgan oy Urumchi shahridagi temir yo‘l vokzalida uyushtirilgan bomba hujumida uch kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangandilar.

Xitoy rasmiylari bu hujumlarda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab kelmoqdalar.

Bu hodisalar haqida mustaqil manbalardan ma‘lumot olish mushkul.

Uyg‘urlar va xan xitoylar o‘rtasida etnik tanglik kuchli bo‘lgan ayni hudud rasmiylarning qattiq nazorati ostidadir.

Twitterga o‘xshash Xitoyning Weibo mikroblogi orqali tarqatilgan suratlarda sabzavot sotuvchi peshtaxtalarga to‘la ko‘chada ro‘y bergan hodisa joyi tasvirlangan.

Guvohlarga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan mashinalardan biri portlab ketgan.

"Guvohlarning aytishlaricha, ikki mashina ko‘chaning shimol tomonidan janub tomoniga qarab haydab kelingan va ertalab soat 7dan 50 daqiqa o‘tganda xarid qilayotgan odamlar ustiga haydalgan. Shundan keyin mashinalardan portlovchi moddalar uloqtirilgan", deya xabar beradi Sinxua agentligi.

Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan suratlardan birida chorrahada kelib chiqqan yong‘in ko‘rinadi.

Yana bir suratda yong‘inni o‘chirishga safarbar etilgan uch maxsus mashina tasvirlangan.

Mahalliy matbuotning yozishicha esa, yaqin atrofda yashovchilar qator portlashlar sadosini eshitganlar.

Jarohatlanganlar bir necha shifoxonalarga olib ketilgan.

Ayni vaqtda Pekin rasmiylari mamlakatning yana boshqa 14 mintaqasida qo‘shimcha xavfsizlik choralari kirtilayotganligini ma‘lum qildilar.

Uyg‘urlar Jahon Kongressi so‘zchisi Dilshod Rashidning bayonotida aytilishicha, Pekin rasmiylari Shinjon mintaqasiga bosimni pasaytirishlari lozim.

Unga ko‘ra, rasmiylar tazyiqkor siyosatni o‘zgartirib, tang vaziyatga chek qo‘yishi mumkindir.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002