Vladimir Putin Ukraina saylovi natijalarini hurmat qilishini aytdi

Image copyright AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi prezidentlik saylov natijalarini hurmat qilishini bildirdi.

Janob Putin 23 may kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida chiqish qilib, yakshanba kungi saylov natijalariga ko‘ra, kim saylansa, ular bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi.

Bu Putinning birinchi bor Ukraina saylovi natijalarini qabul qilishi to‘g‘risida ochiq bildirishidir.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi bir qancha yirik g‘arb shirkatlari tomonidan Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati bois, boykot qilingan.

Ukraina sharqida, xususan Donetsk va Luganskdagi zo‘ravonliklar saylovlarga tayyorgarlikka jiddiy ta‘sir ko‘rsatgan.

Bir qancha rossiyaparast bo‘lginchilar odamlarni ovoz berishdan ogohlantirganlar, saylov komissiyalari a‘zolari va saylovchilar ro‘yxati qurol o‘qtalib qo‘lga olganlar.

Payshanba kuni kamida 14 askar Donetsk shahridan janubdagi Volnovax tumanida Ukraina kuchlari va ayirmachilar o‘rtasida kechgan to‘qnashuvlarda o‘ldirildi.

Juma kuni ham bo‘lginchilar va Donetsk mahalliy himoyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etgan, janglarda kamida ikki kishi nobud bo‘lgani aytildi.

"Fuqarolar urushi"

Fevral oyida ommaviy aksilhukumat norozilik namoyishlari manzarasida prezident Viktor Yanukovich ag‘darilgach, muvaqqat hukumat tomonidan Ukrainada prezidentlik saylovlarini may oyida o‘tkazish belgilandi.

"Biz Ukraina xalqi o‘z mamlakatlari inqirozdan chiqishini xohlashlarini yaxshi tushunamiz. Biz ularning qarorlariga hurmat bilan qaraymiz", deb aytgan prezident Putin Sank-Peterburgdagi anjumanda.

"Referendum o‘tkazilib, yangi konstitutsiya qabul qilinsa, yaxshiroq bo‘lar edi. Amaldagi konstitutsiyaga binoan, Viktor Yanukovich avvalgidek hokimiyatda hisoblanadi", deb qo‘shimcha qilgan u.

Shu paytgacha u yakshanba kungi saylovlar natijalarini savol ostiga olishi mumkinligini ochiq qoldirib kelayotgan edi", deb aytgan Bi-bi-sining diplomatik masalalar bo‘yicha muxbiri Bridjit Kendall.

"Biroq endi u xohishiga qarshi bo‘lsada, saylov natijalarini qabul qilishga qaror berganiga shubha qoldirmadi", deydi u.

Image caption Ukraina askari juma kuni Donetsk yaqinida yaralangan.

Putin shuningdek, Ukraina NATOga qo‘shilishi mumkinligidan xavotirini bildirgan. Putin shuningdek, Kiyev hukumati Ukraina sharqida harbiy harakatlarni tugatishlariga umid bildirgan.

Image caption Rossiyaparast "Vostok" batalьoni a‘zolari Ukraina kuchlari bilan janglardan keyin yig‘ilishgan.

U Ukraina "keng miqyosli fuqarolik urushi"ga kirgan, deb o‘ylashini aytgan, biroq rossiyaparast bo‘lginchilar orqasida Moskva turgani haqidagi iddaolarni rad qilgan.

Qrimdan so‘ng shu oy boshida Donetsk va Lugansk ham mustaqillik referendumi o‘tkazishga ahd qildi.

Referendumning o‘zi va ovoz natijalari rasmiy Kiyev hamda uning g‘arb ittifoqchilari tomonidan tan olinmasligi avvaldan bildirildi.

Moskva ovoz natijalarini hurmat qilishini aytgan va muammoni xalq irodasidan kelib chiqib, tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

Shunday bo‘lsada, janob Putin bo‘lginchilardan referendumni boshqa muddatga surishni so‘ragan edi.

Donetsk va Luganskdagi faollar esa Putinning taklifini hurmat qilishlarini, biroq referendumni hech narsaga qaramasdan o‘tkazishlarini ta‘kidlashgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002 - #

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.