O'zbekiston bozorlaridagi shakar narxi g'arbdagidan nega qolishmaydi?

O'zbekistondagi iste'mol mollari bozoridagi vaziyat tez-tez o'zgarib turadi. Xususan shakarning narxi va peshtaxalardagi mavjudligi barqaror emas.

Xabar berilishicha, yaqinda kilosi 2 800 so'mdan sotuvda bo'lgan shakar, savdodan yo'qolib, kilosi 3 700 so'mdan qayta paydo bo'lgan.

Bu rivojlangan g'arb mamlakatlariga shakar narxi bilan deyarli teng bo'lib, O'zbekistondagi maoshlar u erdagidan taxminan 10 barobar kam ekanligi nazarda tutilsa, shirin choyni sevuvchilar va yoz oylarida mevalarni saqlab olmoqchi bo'lganlar uchun oqibati tasavvur qilishingiz mumkin.

BBC shu kecha-kunduzdagi Toshkent bozorlaridagi shakar narxi haqida jurnalist Sergey Ejkovdan so'radi.

Sergey Yejkov: Biz hozir shakarning bir kilosi 3700 so'm - 4000 so'mgacha ko'tarilib ketganini ko'rayapmiz. Bu 1,6-1,8 dollar degani va faqat O'zbekiston uchun emas, dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham qimmat baho hisoblanadi. Shakarning narxi haddan ziyod sun'iy ko'tarib yuborilgan. Nima uchun bunday bo'layapti? Hech kim odamlarga buning sababini tushuntirib berayotgani yo'q. Atigi bir hafta oldin bir kilogramm shakarning narxi 2800 so'm edi. To'g'ri, shakar uchun uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan edi. Kimdir aytadiki, hozir qulupnay murabbosi mavsumi, odamlar murabbo yopish uchun shakarni ko'proq sotib olishgani uchun shunday vaziyat yuzaga kelgan va bu vaqtinchalik vaziyat. Lekin men bugun qishga qulupnay murabbo yopib qo'yishni istaydigan odamlarning soni shakar taqchilligini yuzaga keltiradigan va narx-navoni bu qadar ko'tarib yuboradigan darajada ko'p, deb o'ylamayman. Kimdir xalqning hisobiga cho'ntagini qappaytirayapti, xolos.

BBC: Biz O'zbekistonda narx-navolar mana shunday sun'iy oshirib yuborilmasligi uchun tashkil qilingan Monopoliyaga qarshi kurash idorasi borligini yaxshi bilamiz. Mana shunday vaziyatda bu tashkilotning faoliyati ko'rinayaptimi?

Sergey Yejkov: Yaxshi savol. O'zbekistonda juda ko'p tashkilotlar bor. O'zbekistonda Inson huquqlari Milliy markazi degan tashkilot ham bor. Siz menga aytingchi, bu markazdan naf bormi? Xuddi shu gapni antimonopol qo'mitaga nisbatan ham aytish mumkin. Bu tashkilot har-har zamonda qandaydir "tadbirlar" uyushtirib turadi, lekin u bozorda narx-navoni tartibga soladigan tizim hisoblanmaydi. Antimonopol qo'mita kim tomonidan boshqarilishi ham noma'lum o'z boshiga ishlaydigan bir tashkilot.

BBC: O'zbekiston bozor iqtisodiyoti yo'lini tanlaganini e'lon qilgan, biroq valyutaning "qora bozori"dagi vaziyat, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobillarning narxi yoki un-shakarga o'xshagan oziq-ovqat mahsulotlarining baholariga qarasangiz, narx-navoni haligacha ham bozor qonunlari tartibga solayotgani yo'q. Nega shunday?

Sergey Yejkov: O'zbekistonda hali ham bozor unsurlari ko'zga tashlanadigan ma'muriy-boshqaruvga asoslangan iqtisodiyot amal qiladi. To'g'ri, mamlakatda bozor iqtisodining asosi hisoblangan talab va ehtiyoj tartibga solib turadigan tovarlar bor. Lekin shunday tovarlar borki, bu mahsulotlar yo haddan ziyod ko'p daromad olish yoki "yuqorida o'tirganlar" o'z manfaatini ko'zlagan qandaydir "vazifani bajarish" maqsadiga xizmat qiladi. Yaxshi ma'lumki, O'zbekiston iqtisodiyotining aksar qismini "soya iqtisodi" tashkil qiladi. Men bir maqolamda aytib o'tgan edim, mutaxassislarning hisob-kitobiga ko'ra, "soya iqtisodi"ning nisbati 9 ga 1. Ya'ni u qonuniy iqtisoddan 9 baravar katta. Aholining aksari kunini "qog'ozga tushmaydigan" iqtisod bilan o'tkazayapti. Amaldorlar esa o'sha "soya iqtisodi"ning tarkibiy qismi hisoblanadilar va shuning uchun biz davlat "soya iqtisodi"ni yo'q qilishdan manfaatdor emas, deb ayta olamiz. Ular narx-navo shakllanishini o'zlarining foydalariga yo'naltirib turadilar. Bu bozor mexanizmlari emas, korruptsiyaga botgan davlatning narx-navoni boshqarib turish mexanizmi. O'zbekistonda korruptsiyaga botgan elitaning manfaati xalqning manfaatidan ustun qo'yilgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.