Ukraina: Petro Poroshenko saylov natijalariga ko'ra oldinda

Image copyright Getty

25 may kuni Ukrainada o'tkazilgan prezidentlik saylovi byulletenlarining 75 foizdan ortig'i sanab chiqilganda taniqli biznesmen Petro Poroshenko 54 foiz ovoz to'plagani ma'lum bo'lgan.

Yakuniy natijalar 26 may kuni e'lon etilishi kutilmoqda.

Sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning 13 foizdan ortiq ovoz to'plagani xabar qilingan.

Ukrainada saylovlar moskvaparast prezident Viktor Yanukovichning iste'fosiga olib kelgan qonli ko'cha namoyishlari ortidan uning Kievni tark etganidan uch oyi o'tib o'tkazildi.

O'shandan buyon Rossiya Qrimni anneksiya qildi va Ukraina sharqidagi Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi qurolli bo'lginchilar bu hududlarni Kievdan mustaqilligini e'lon qildilar.

Ukraina muvaqqat hukumati mamlakat parchalanib ketishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida aksilterror amaliyotlarini boshladi, Ukraina armiyasi va rossiyaparast qurollilar o'rtasidagi to'qnashuvlarda o'nlab insonlar halok bo'ldi.

Rossiyaparast bo'lginchilar bu hududlarda prezidentlik saylovida ovoz berish yo'lga qo'yilishiga izn bermadilar, Donetsk shahrida birorta ham saylov uchastkasi ochilmagan, mintaqadagi 12 tuman saylov okrugidan faqat ettitasi ishlagan.

Biroq, bunga qaramasdan, Ukraina Markaziy Saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda ovoz berish huquqiga ega bo'lgan 35,5 million saylovchining 60 foizchasi ovoz berishda qatnashgan.

Rossiya emas, Ukraina fuqaroligini saqlab qolish qarorida bo'lgan qrimliklar Ukrainaning Xerson viloyati hududiga o'tib ovoz berganlar.

“Shokolad qiroli” nomi bilan tanilgan 48 yoshli milliarder Petro Poroshenko Ovro'po Ittifoqi bilan yaqinroq aloqalarni yo'lga qo'yish, mamlakat sharqida urush va tartibsizlikka chek qo'yib, Ukraina zaminiga tinchlik keltirishni va'da qilgan.

Poroshenko davlat rahbari sifatida birinchi safarini Donbassga qilishini bildirib, o'zining asosiy vazifalaridan biri Qrimni Ukrainaga qaytarish ekanini aytgan.

Shuningdek, bosh vazirni o'zgartirmoqchi emasligini, Arseniy Yatsenyuk bilan birga ishlamoqchi ekanini ham ma'lum qilgan.

Ukrainada prezidentlik saylovlari bilan birga, Kiev shahar hokimligi uchun ham ovoz berilgan. Poroshenkoga ko'ra, dastlabki natijalar shahar hokimligi uchun nomzodlar ichida Vitaliy Klichko ko'p ovoz to'plaganini ko'rsatadi.

Yanukovich saylov natijalarini hurmat qiladi

Image copyright Reuters

Ukrainaning ag'darilgan prezidenti Viktor Yanukovich yakshanba kuni bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlari qonuniyligi uchun mamlakatning janubi-sharqiy mintaqalari qatnashishi muhim bo'lsa ham, uning natijasini hurmat qilishini aytgan.

Yanukovich bu haqda dushanba kuni Rossiyaning Rostov Donida turib bildirgan.

"Ukrainaning navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo'lib o'tdi. Qaysi mintaqadan qancha aholi ovoz berganiga qaramasdan, qanday qaror bergan bo'lsalar mamlakat uchun og'ir paytda men bu qarorni hurmat qilaman", deyiladi Yanukovich murojaatida.

Yanukovichning so'zlariga ko'ra, yangi hukumatning bosh vazifasi mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirishdir.

Yanukovichning murojaatiga Poroshenko kinoya bilan munosabat bildirgan. U Yanukovich saylovni tan olishidan ko'ra, uning qachon Ukrainaga qaytishi va mahkama qarshisida turishi muhimroqdir, degan.

Rossiya Ukraina saylovlari haqida

Image copyright

Bundan oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina saylovlari natijalarini hurmat qilishi va yangi hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov ham shu mazmunda gapirgan va g'oliblar bilan muloqotda vositachilar kerak emasligini aytgan.

Ukraina sharqida saylovlardan keyin ham aksilterror amaliyotlarni davom ettirish yangi hukumat uchun ulkan xato bo'ladi, degan janob Lavrov.

Petro Poroshenko esa aksilterror amaliyotlar davom etadi va tez orada yakunlanadi, dedi.

Xabarlarga ko'ra, Donetsk xalqaro aerlportida otishma ovozlari eshitilmoqda. Rossiyaparast bo'lginchilar Dogetskda harbiy vaziyat e'lon qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina saylovlari va Rossiyaning tutgan yo'li to'g'risida bahslar qizimoqda.

Rossiya muxolifatiga ko'ra, millatchi deb atalgan nomzodlar Yarosh va Tyagnibok atigi ikki foizga yaqin ovoz olganliklari Putinning "Ukraina millatchilar qo'lida" degan da'volari puch ekanini ko'rsatadi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.

Bu mavzuda batafsilroq