Yaxshi ko‘rib turmush qurgani uchun toshbo‘ron qilindi

Image copyright n
Image caption Pokistonning ayrim hududlarida qizlarning o‘zlari tanlab turmushga chiqishlari qabul qilib bo‘lmas hisoblanadi

Pokistonlik ayol sharqiy Lahor shahridagi Oliy Mahkama binosi tashqarisida otasi va akalari tomonidan toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan.

30 yoshli Farzona Muhammad Iqbol bilan bir necha oy avval oilasining roziligisiz turmush qurgan edi.

Uning ota-onasi yigitni Farzonani olib qochganlikda ayblab, mahkamaga arz qilishgan.

Ammo politsiyaga bergan guvohligida Farzona Iqbolga o‘z xohishi bilan turmushga chiqqanini tasdiqlaydi.

Politsiya mulozimlarining aytishlaricha, Farzona turmush o‘rtog‘i hamrohligida Oliy Mahkamaga kirib kelayotgan payt uning otasi, aka-ukalari va bir amakivachchasi uni tortqilab, g‘ishtlar bilan ura ketishgan.

Farzona hodisa joyida vafot etgan.

Politsiya hodisa joyiga yetib borgunicha qotillar yashirinishga ulgurganlar.

Keyinroq politsiya uning otasi Azimni hibsga olgan, ammo qolganlar hanuz qochuvda.

Pokistonda oilasining xohish-irodasiga qarshi turmush qurgan qizlarning "or-nomus" nomi bilan o‘ldirilishi ko‘pdan buyon inson haqlari tashkilotlarining xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Bu kabi holatlarda ayollar ko‘pincha o‘z yaqinlari tarafidan o‘ldiriladilar.

Pokistonning ayrim hududlarida qizlarning o‘z umr yo‘ldoshlarini o‘zlari tanlashlari madaniy jihatdan qabul qilib bo‘lmas hisoblanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.