Kiyev Moskvadan gaz qarzlarini to‘lashga rozi

Image copyright Reuters
Image caption Rossiya 3 iyundan oldindan to‘lash tizimiga o‘tishini ma‘lum qilgan

Berlinda Ovroittifoq vositachiligida o‘tgan muzokaralarda Kiyev Moskvaga gazdan 2,5 milliard dollar qarzni to‘lashga rozilik bildirgan.

Ukraina bir hafta ichida Rossiya talab qilayotgan qarzlarini uzsa, Moskva kelgusida gazning narxini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borishini aytmoqda. Kelishuv ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida imzolanishi kerak.

Yakshanba kuni Ukrainada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining g‘olibi Petro Poroshenko oldida mamlakatdagi qator muammolar bilan birga, gaz qarzlarini yechish, ushbu sohada Rossiyaga qaramlikni kamaytirish, gaz sohasidagi korruptsiyani qanday hal qilish vazifasi turibdi.

Ovro‘po Ittifoqining Energetika bo‘yicha komissari Gyunter Ettingerga ko‘ra, Kiyev Rossiyadan olgan gazlarning haqqini to‘lashga rozi bo‘lgani muhim, biroq hali bu borada kelishadigan nuqtalar mavjud.

Rossiya va Ukraina Energetika vazirlari Aleksandr Novak va Yuriy Prodan chorshanba, 28 maygacha mamlakatlari va gaz shirkatlari rahbarlariga muzokaralar haqida yetkazishlari kerak bo‘ladi.

Berlindagi uchrashuv oldi janob Ettinger Ukraina tomoni har qanday sharoitda qarzlarini uzishi kerakligini bildirgandi.

Rossiya energetika vaziri o‘z o‘rnida Ukrainaga gaz narxi arzonlashtirilishi ehtimolini ham qayd etib o‘tgan.

"Hamma narsa haqida gapirish mumkin. Lekin biz Kiyev qarzlarini uzmas ekan, muzokaralar o‘tkaza olmaymiz", degan janob Novak.

Kiyevning gazdan qarzi 1 aprelgacha 2,2 milliard, mayning o‘rtalarida Prezident Putinning Peterburgdagi iqtisodiy forumda keltirishicha, 3,5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Kiyev to‘lov tartibiga rioya qilmagani va so‘ngra Moskva tomonidan gaz narxining ko‘tarilishi qarz miqdorini ham oshirib yuborgan.

2013 yil dekabrda Moskva Ukrainaga 1000 kubometr gazni 400 dan 268,5 dollargacha tushirgan. Bu kelishuv sobiq prezident Viktor Yanukovichning Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuvni rad qilishi evaziga imzolangandi.

Biroq Yanukovich fevral oyida norozilik namoyishlar ortidan Ukrainadan qochishi orqasidan hokimiyat Oliy Radaga o‘tgan va Rossiya bunga qarshi o‘laroq gazning narxini 485 dollargacha ko‘tardi.

Image copyright AFP

"Naftogaz" cudlashmoqchi

Bundan oldin Ukraina Energetika vaziri Yuriy Prodan uning mamlakati 3,5 milliard dollarni tan olmasligini aytgan va 2,2 milliard dollarni gaz narxi eski holiga - 268,5 dollarga qaytgach, 10 kun ichida to‘lashga va‘da bergandi.

Shu bilan birga "Naftogaz" Rossiya qo‘yayotgan gaz narxi ustidan "Gazprom"ni Stoholmdagi mahkamaga mahkamaga tortmoqchi ekanligini bir necha marta aytdi.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk "Naftogaz" va "Gazprom" o‘rtasida 29 maygacha kelishuv imzolanmas ekan, tomonlar Stoholm mahkamasida uchrashadi, deb tahdid qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Ovro‘po Ittifoqi va AQSh ishtirokisiz Rossiya bilan kelishuvni tasavvur qilish qiyin".

Dushanba kuni Ukraina 2,5 milliard qarzni to‘lashga rozilik bildirganiga qaramasdan, mamlakat Moliya vaziri Aleksandr Shlapak ming kubometr uchun oldingi 268,5 dollar narxga qaytilmas ekan, Rossiyaga hech narsa to‘lanmasligini aytib chiqqan.

"Gazprom" rahbari Aleksey Miller o‘z navbatida Berlindagi muzokaralar so‘nggida kelishuvga qaramay, Ukraina qarzlarni uzishiga shubha bor, degan.

Ukraina gaz muammosini Rossiya bilan hal qila olmasa, 28 mayda Stokholm mahkamasiga ariza beradi.

Ukraina shuningdek, Ovro‘podan olib kelinadigan yonilg‘i hisobiga Rossiyaga qaramligidan qutulishni rejalamoqda.

Yangi saylangan prezident Petro Poroshenko gaz sohasini prezident va bosh vazirgacha chiqib borgan korruptsiyadan tozalash niyatidaligini aytgan Kiyevdagi matbuot anjumanida.

"Naftogaz uzoq yillar mas‘uliyatsizlikning va hukumatga yaqin biznesning namunasi bo‘lib keldi", deyiladi "Ukrainskaya pravda"dagi maqolada ham.

Prezidentlik saylovlari oldi Mojaristonning FGSZ.Ltd gaz shirkati Ukrainaga gaz eksportini oshirgan. Shirkatga ko‘ra, may oyidan boshlab 22,5 ming kubometr uzatilayotgan bo‘lsa, kuniga 16 million kubometrgacha ko‘tarish imkoniyati bor.

Bundan tashqari Slovakiya aprel oyida Ukrainaga Rossiya gazini qaytarish haqida kelishgan. Rossiyaning bunga noroziligiga nisbatan Slovakiya Tashqi Ishlar vaziri Miroslav Laychak "Bizning vazifamiz ta‘minlash, kim gazni yetkazib beradi va kim to‘laydi, bu boshqa masala", degan.

Mojariston va Slovakiyadan tashqari Ruminiya va Polsha orqali Ukrainaga gaz yetkazish yo‘llari o‘rganilmoqda. Shuningdek Poroshenko rejasi bo‘yicha, Turkiya bilan Qora dengiz orqali hamkorlik qilish mumkin bo‘ladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.