O‘zbekistonda biometrik pasport tarqatish qanday uddalanyapti?

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonda eski pasportning amal qilish muddati 2015 yilgacha

Xabarlarga ko‘ra, biometrik pasporti bo‘lmagan fuqarolarning 1 iyuldan keyin xorijga chiqishi taqiqlanishi butun mamlakat bo‘ylab joylardagi xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni qayd qilish idoralari oldida uzundan-uzun navbatlarni hosil qilgan.

Bu idoralar pasportini almashtirmoqchi bo‘lgan insonlarning arizalarini qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish va biometrik pasport berish amallarini uddalay olmayaptilar.

Ammo O‘zbekiston hukumati o‘zining 6 fevralda qaror bergan bu amaliyotni tezlashtirayotgani sababini hanuz izohlamagan.

Ayni paytda rasmiy xabarlarga binoan, respublikada 2 milliondan ortiq odam biometrik pasport olishga ulgurgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, eski pasportlarning amal qilish muddati 2015 yil dekabrigacha belgilangan.

Ma‘lumki, bugungi iqtisodiy sharoit tufayli aksar o‘zbekistonliklar xorijda ishlab daromad topishga majbur etilganlar, 1 iyuldan keyin Rossiya, Qozog‘iston yoki boshqa xorij davlatiga chiqa olmay qolish ehtimoli minglab, balki o‘n minglab fuqaroni OVIR idoralariga bosh urishga majbur qilgan.

Tartibga ko‘ra, 9 kunda beriladigan pasport sun‘iy talabning orttirilishi va resurslarning yetishmasligi natijasida kamida bir oy, ba‘zida undan ham ko‘p muddatda tayyorlab berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra, yangi biometrik pasport olayotgan fuqarolar eng kam ish haqining 50 foizi ya‘ni aytilishicha, 47 ming so'mdan ortiq to‘laydi.

Biroq muddatning oz qolgani odamlarni o‘z o‘zidan qo‘shimcha pul hisobiga pasportni qisqa muddatda qo‘lga olish yo‘llaridan foydalanishga majbur qiladi.

O‘zbekistonlik ayolga ko‘ra, bundan bir oy oldin 194-bo‘lib navbatga yozilgan. Lekin navbati yakshanbaga to‘g‘ri kelib, borolmagach, yana yangitdan ro‘yxatga yozilishga majbur bo‘lgan. Uning aytishicha, avval o‘qishga kiruvchilar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, hozir OVIR idoralari oldida xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar haddan tashqari ko‘p.

Xorijga chiqishini aytgan yana bir fuqaroning aytishicha, pasport stoldagi ayolga 50 dollar berib 10 kunda pasportini qo‘lga olgan. 50-100 dollargacha olib qilib berishyapti tezroq, deydi u.

Shuningdek, boshqa bir suhbatdosh kuniga 60-70 kishi navbatda turishi, gali yetmaganlar boshqa kunga qolishini aytadi. Unga ko‘ra, navbat ko‘p bo‘lsada, hammasi tartib bilan amalga oshirilmoqda.

Image copyright none
Image caption Rossiyada mehnat muhojirlaridan pasportining rus tilidagi nusxasini ko‘rsatishni talab qilish hollari mavjud

O‘zbekiston fuqarolarining katta qismi tirikchilik vajidan Rossiyada bo‘lgani sababli, rossiyalik tekshiruvchilar "pasportingda nega rus tilidagi yozuv yo‘q", deb muammo qilgan hollar bo‘lgani aytiladi.

Lekin huquqini va ko‘p hollarda rus tilini bilmagan muhojirlar O‘zbekistonda ortiqcha xarajat bilan rus tilida nusxasini olib, uni notariusga tasdiqlatib ketayotgan hollar mavjud.

"Mening xo‘jayinim Rossiyaga ishlashga ketish oldi pasportlarining ruscha nusxasini olib ketdilar. Boshqalar ham shunday qilyapti, aeroportdan o‘tkazishmayapti ekan", deydi turmush o‘rtog‘i mardikorlikka ketgan ayol.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarosining chetga chiqishini nazorat qiladigan chiqish vizasi tartibi amal qiladigan dunyodagi barmoq bilan sanarli mamlakatga aylanib qoldi, Ichki ishlar idoralari fuqaroning xorijga chiqish vizasini O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati ma‘qullovidan keyingina oladi.

Har bir mamlakatning xorijdagi konsulligi o‘z fuqarosiga pasportini almashtirib berishi jahon amaliyotida qo‘llanadigan tartib.

Biroq shu kecha-kunduzda O‘zbekistonning chet ellardagi konsulliklari eski pasportni biometrik pasportga almashtirib berishni rad qilmoqdalar, har bir kishining O‘zbekistonga borib, o‘zining yashash joyidan hujjatini almashtirishni talab qilmoqda.

Kuzatuvchilar chiqish vizasi talabi ham, Ichki va Tashqi ishlar vazirliklarining xorijdagi fuqaroga pasport bermaslik qarorlari mamlakat bosh qonuni nuqtai-nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini urg‘ulaydilar. Ularga ko‘ra, hukumatning yangi qarori qar qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, fuqarolarini nazoratda ushlash turish usuli. Fuqarolar esa qo‘shimcha muammoga duch kelishdan ko‘ra, qonunga zid talablarni bajarishni ma‘qul ko‘rishadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.