Markaziy Osiyo yangiliklari qisqa satrlarda

Image caption Molotov kokteylari o‘tochar qurolga tenglashtiriladi

Tojikistonda Molotov kokteyllari o‘t ochar qurolga tenglashtiriladi

Tojikiston parlamentining quyi palatasida "Yig‘inlar, namoyishlar va ko‘cha yurishlari" haqidagi qonunga o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilgan. Aziya-Plyus axborot agentligining xabar berishicha, bu o‘zgartirishlarda namoyishlar va ommaviy yig‘inlar chog‘i tez yonadigan moddalar - Molotov kokteyllaridan noqonuniy foydalanganlar o‘t ochar qurol ishlatgan shaxslarga tenglashtiriladi. Tojikiston qonunchiligiga binoan, ayni holatlarda huquq-tartibot xodimlari ularga nisbatan o‘t ochar qurollarni qo‘llashi mumkin.

Image copyright PA
Image caption Ijtimoiy tarmoqlarda go‘dak o‘limiga sabab bo‘lgan omillar muhokama qilinmoqda

Toshkentda to‘qqiz oylik go‘dak 5- qavatdan tushib ketgani muhokamada

Toshkent shahrining Sebzor dahasida ko‘p qavatli uylardan birining ayvonidan erta tongda to‘qqiz oylik qizaloq tushib ketib vafot etgan.O‘zbekistondagi internet nashrlarining bugungi asosiy xabarlaridan biri Toshkentda kecha tongda yuz bergan baxtsiz hodisasi bo‘lmoqda. Xabarlarga ko‘ra, bu paytda qizchaning ota-onasi bilan ochiq deraza oldida uxlab yotgan bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, go‘dak emaklab borib tushib ketgan bo‘lishi mumkin. Facebook va Twitter sahifalarida sodir bo‘lgan fojeadan ta‘sirlangan foydalanuvchilar baxtsiz hodisada asosan ota-onaning beparvoligini ayblashgan.Shuningdek, keyingi kunlarda O‘zbekistonda havoning keskin isishi ham ko‘p qavatli uylarda turishni qiyinlashtirganini aytganlar.

Image copyright ap
Image caption Markaziy Osiyo davlatlari Poroshenko janoblarini qutlashga shoshilishmayapti

Qirg‘iziston Ukraina prezidentlik saylovini olqishlagan

Tashqi Ishlar vazirligining bayonotida, "Qirg‘iziston Ukrainaning prezidentilik saylov o‘tkazishi va ukrain xalqining tanlovini olqishlaydi", deyiladi. Prezident saylovi mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va mintaqaviy kelishmovchiliklar hal qilishda ijobiy rol o‘ynashiga umid qilar ekan, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ukraina saylov natijalariga "til tekizmaydi". Zotan, Markaziy Osiyoning biror bir davlati Ukraina saylovida g‘alaba qozongani ishonilgan Petro Poroshenkoni qutlashga shoshayotgani yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.