Rossiyaning oltmish yillik mudhish urushi

150 yil muqaddam Birinchi Qafqoz urushi tugadi.

Rossiya tarixida eng davomli urush deb nom topgan harbiy amaliyotlar roppa- rosa oltmish yil davom etgan.

Rossiya tomonidan talafotlar yarim million kishidan iborat edi.

Qafqozliklar orasida talafotlarni hech kim sanamagan ham, biroq ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, Chechenistonnig o‘zida muqim aholi urush amaliyotlari natijasida bir million insonga kamayib ketgan.

Boshqa davlatlar bilan Rossiya olib borgan "qonuniy" urushlar rasmiy yarash va turli ahdnomalar bilan yakunlangan bo‘lsa, Qafqozda partizanchasiga olib borilgan urushning poyoniga yetish sanasini belgilash oson emas.

Aksar tarixchilar 1864 yilning 21 mayini general fon Grabbe Kbaada nomli joyda harbiy parad va tantanali ibodat o‘tkazgan kunni urushga yakun solgan sana deb hisoblaydilar.

Bu kunda jabr ko‘rgan Qafqoz xalqlari "Cherkeslarning motam kunini" nishonlaydilar.

Sho‘rolar davri tarixchisi Aleksandr Orlov Shimoliy Qafqoz Rossiya imperiyasining mustamlakasiga aylanmagani, boshqa xalqlar bilan teng huquqlarda imperiya tarkibiga kirgan deb ta‘kidlasa ham, talaygina olimlar u yerdagi hodisalarni butunlay boshqacha talqin qilishadi.

Tarixda "Cherkes muhojiroti" deb nom olgan tog‘li axolini ommaviy tarzda surgun qilingani borasida kamdan kam ma‘lumotlar bor.

Aksar odamlarning ongida birinchi Qafqoz urushi Sharqiy xududlar ya‘ni Dog‘iston, Checheniston va Imom Shamil bilan bog‘langan. Biroq, Qafqozning g‘arbiy hududlarida yashagan musulmon xalqlari – abadzexlar, shapsuglar, natuxayliklar, ubixlar, bjeduxlar va yana o‘nlarcha kichik qabilalar urush "rasman" tugaganiga qaramay yana besh yil qarshilik ko‘rsatganlar. Bu kichik xalqlarni Rossiya jamiyatida umumlashtirib cherkeslar deb atashgan.

Sharqiy Qafqozda kurashgan Imom Shamil Gunib ovulida 26 avgust 1859 yili ruslarning qo‘liga tushgan.

General fon Grabbe harbiy parad utkazayotganida, imperator Aleksandr ikkinchi tayinlagan nafakaga Kalugada yashab turgan Imom Shamil feldmarshal Aleksandr Baryatinskiyga Qafqozni oxir-oqibat tinchlantirishga erishgani munosabati bilan tabrik yo‘llagan. Shu bilan Imom Shamil asirlikka tushayotganida Baryatinskiy unga oliyjanob muomala ko‘rsatgani uchun o‘z minnatdorchiligini izhor qilmoqchi bo‘lgan.

Birok, keyinchalik Baryatinskiyning o‘rniga kelgan va Qafqoz urushiga oxirgi nuqta ko‘ygan "buyuk knyaz" Mixail Nikolayevichni Imom Shamil tabriklamagan.

Din va geosiyosat

Tarixchilar orasida Qafqozdagi urushni ajralmas bir jarayon yoki bir-biriga ulanmagan harbiy mojarolar sifatida qabul qilish borasida yakdillik yo‘q.

Ba‘zi olimlar 1804 yili chechenlarning navbatdagi hujumiga javoban rus armiyasi ilk bor jazolash ekspeditsiyasini yuborgani bu urushning boshlanilishi bo‘lgan deyishadi. Boshqa bir olimlar esa 1817 yilning kuzida tashkil etilgan maxsus Qafqoz harbiy korpusiga tayinlangan bosh qo‘mondon Aleksey Yermolov harbiy harakatlarni faollashtirganini urush ibtidosidir degan fikrda.

Ammo, ularning barchasi Gurjistonning 1801 yilda Rossiyaga qo‘shilgani urush boshlanib ketishiga ilk sabablardan bo‘lganini tan oladilar. Rossiya hukumatida Qafqoz mintaqasiga havfsiz tranzitni ta‘minlashga ehtiyoj paydo bo‘lgan, biroq "notinch" tog‘liklar esa imperiyaga bo‘ysunishni istashmagan.

Bunday holatda Imom Shomil jang olib borgan hududlarda ruslarga qarshilik ko‘rsatishda diniy omil katta rol uynagan bo‘lsa, Qafqozning g‘arbiy hududlarida ko‘prok milliy-siyosiy omillar ta‘sir ko‘rsatgan. Cherkeslar tarixan Turkiyaga intilishgan...

Bosqinchilar madaniyati

Tarixchi Yakov Gordin asrdoshlarining manbalaridan dalil keltirib, "Qafqoz urushi bosqinlar tizimidan kelib chiqdi" deya ta‘kidlaydi.

Baland tog‘larda, unumdor yerlar va boshka tabiiy zahiralarning taqchilligida hayot sharoitlari juda og‘ir kechgan va mazkur madaniyatning shakllanishida katta rol o‘ynagan.

Birok, Sankt-Peterburg universitining professori Andrey Burovskiyning fikrlashicha, vaqt o‘tishi sayin bosqinchilik nafaqat iqtisodiy ehtiyojga aylangan, balki har bir "haqiqiy erkakning" or-nomusiga bevosita bog‘lanib qolgan...

Rossiya mulozimlari tog‘li xalqlarga tinch mehnat va savdoning imtiyozlari va qonunga bo‘ysunishni mantiqan to‘g‘ri yo‘l ekani tushuntirib berilsa, ular o‘sha zahoti buni anglab yetishadi deb o‘ylashgan.

Tarixiy hikoyalarning birida general Iosif Anrep 1840 yilda Ubix oqsoqollariga bu kabi yashash tarzini tushuntirishga uringani bayon qilinadi.

Ruslar tog‘li aholining diniga tajovuz qilmayotganlarini zo‘r berib ta‘kidlayotganida, uning suhbatdoshlaridan biri o‘rnidan turib, "Sen general, aqldan ozgansan, sen bilan gaplashishining foydasi yo‘q", deb chiqib ketgan.

Tog‘liklarda o‘zlariga xos xaqiqatlari bo‘lgan, bu ularning yeri edi va ular asrlar davomida qanday yashagan bo‘lishsa, shunday yashash tarzini davom ettirishni istashardi.

Jafo siyosati

Bora-bora ruslarning qo‘mondoligi va ma‘muriyati Qafqozda odatiy usullar bilan urushni yengish mumkin bo‘lmaydi degan hulosaga kelganlar. Tog‘liklarning qarshiligini faqat ekin yerlarini, chorva va turar joylarini astoydil yo‘q qilish orqali yengib olish fikri o‘rtaga chiqadi... Xullas, Qafqoz xalqlarini ocharchilikka ro‘paro‘ qilish rejasi ishlab chiqarildi.

"Besh yil mobaynida biz ekin maydonlarini vayron qilsak, bu natijada ularni qurolsizlantirishga biz uchun imkon yaratadi va shu yo‘l bilan bo‘lajak amallarimizni yengillashtamiz", deb taklif etgan general Aleksey Velyaminov o‘zining 1833 yilda yozgan raportida...

"1838 yili hosil bo‘lmaydi... tog‘larda taqchillik sezilmokda, agar biz kelayotgan yozda ularning ekin-tikinlarini vayron qilsak, qishda ular ocharchilikdan qirioib ketishadi. Aynan hozir azob chekayetgan natuxaylarni biz bo‘ysuntirishga majbur qilmog‘imiz lozim, chunki hozirgi vaqtgacha biz ularga yuvoshlik va muruvvat bilan yondashgan edik, bu xalq esa xulq-atvorining vahshiyligi tufayli qadrimizga yetmaydi", deb yozgan admiral Lazar Serebryakov.

Uzumzorlar va bog‘lar qirib tashlangani hamda g‘alla va pichan g‘aramlariga o‘t qo‘yib yondirilishi oqibatida tog‘liklar mollarini tekislikdagi o‘tzor va yaylovlarga haydashlari majbur edilar, biroq u yerdan mollarini kazaklar o‘g‘irlab ketishardi. Hujjatlarda butun ovullarning ochlikdan qirilib ketgani, hamda ota-onalar o‘z farzandlarini bir qop un uchun qullikga sotganlari kabi yurakni o‘rtaydigan hodisalar qayd etilgan. Ruslar muntazam asosda tekis ekin yerlarni ishg‘ol qilib, qafqozliklarni siqib borib, hech narsa unmaydigan tog‘larga chekintirishgan. Yangi yerlarga kazaklar olib keltirilgan, yo‘llar va shaharlar qurilgan. Savdo markazlari paydo bo‘lgan.

Biroq aksar tog‘liklar murosaga ko‘nishmagan.

Qafqoz urushi qatnovchisi, rossiya harbiy tarixchilaridan biri Rostislav Fadeyevning yezishicha, "Cherkes yigiti tasodifan o‘z safdoshlaridan uzilib qolib, otryad bilan o‘rab olingan holda ham taslim bo‘lmaydi, qo‘lida quroli bilan o‘lishni afzal ko‘radi. Ularning bir to‘da bo‘lib asir tushish hollari kamdan kam uchraydi va bu ham ro‘y bersa, ular o‘zlarini himoya qilishdan mahrum bo‘lganlarni anglatadi".

Qafqozni azob-uqubatga solish taktikasi keng qo‘llanilgan va mazkur harakatlarsiz, Fadeyevning so‘zlariga ko‘ra, Qafqozni ishg‘ol etish jarayoni million yillarga cho‘zilib ketgan bo‘lardi.

Generalning ta‘kidlashicha, so‘ngi yetti yil mobaynida Rossiya armiyasi bir kunga ham o‘z bosimidan voz kechmagan. Boshida harbiy harakatlar alohida kampaniyalar orqali olib borilganida, tog‘li aholi har qanday mag‘lubiyatga uchramasin, o‘ziga kelib olib, yangi kuch-quvvat bilan jang qilishni boshlashga qodir edi.

Cherkeslar, ruslarning nazarida, otishmalarni va bosqinlarni "hayot shodliklari" deya qabul qilishgan.

Surgun

Qafqoz urushining davomida cherkeslarga qarshi uyushtirilgan harbiy harakatlar bilan bir vaqtda rus askarlari Dog‘iston va Chechenistonda yirik amaliyotlarni yo‘lga qo‘yganlar.

Imom Shamil asirga tushganida keyin rus qo‘shinlariga faqat G‘arbiy Cherkesiya bo‘ysunmagan edi.

1861 yili Aleksandr II Kuban yerlariga safar kilganida ubix, abadzex va shapsuglar oqsoqollari unga iltimosnoma bilan murojaat qilishgan. Ularning iltimosiga binoan, cherkeslar turar joylarining va hayot tarzining daxlsizligini saqlab qolish evaziga Rossiyaga tinchlikni taklif etishgan. Imperator bunga shart qo‘yadi…. "Aytgan yerlarga ko‘chib ketsin, aks holda bu xalq Turkiyaga haydalsin".

So‘ng ubixlar tashabbusi bilan Sochida "Buyuk va erkin qurultoy" yig‘iladi. U yerda barcha cherkeslarni birlashtiruvchi "yirik bir dolg‘a" tashkil qilinadi.

Izmail Dziash boshchiligidagi hay‘at dastak olish ilinjida bir necha Ovro‘po mamlakatlariga safar qiladi.

Bunga javoban Rossiya harbiy harakatlarini jadallashtirib, Pshex daryosi, Daxov vodiysi, Aderba vodiysi va Pshada darasini bosib oladi.

1863 yilning kuz fasliga borib, cherkeslar nochor ahvolga tushib qolganlar. Oktyabr oyida oqsoqollar general Yevdokimov bilan tinchlik ahdnomasini imzolashga majbur bo‘lganlar. Ammo cherkeslarning ayrim bo‘limlari bir necha oy davomida qarshilik ko‘rsatishni davom ettirishgan.

Sharqiy Qafqozda Rossiya olib borgan siyosat g‘arbiy hudulardan katta farq qilgan. Imom Shomil asir tushgach, knyaz Baryatinskiy darhol chechenlarni "to‘kilgan qon va chiqimlar uchun" avf etgan. Cherkeslarni esa o‘z joylaridan haydashgan.

Baxtga qarshi cherkeslar Qora dengiz sohilida istiqomat kilishardi, ularning u yerda hozirligi Rossiya hukumatiga tahdid bo‘lib ko‘rinardi, chunki Turkiya va Britan dengizchilari bu sohillarni to‘satdan ishg‘ol etish xavfi hamisha kun tartibida bo‘lgan…

Va nihoyat, Sochi, Anapa va Gelendjik joylashgan yerlar noz-ne‘matlarga boy bo‘lib, ushbu farovon hududlarni Rossiya hukumati, kazaklar va kelgindilar juda xush ko‘rganlar.

Stalin katag‘onlaridan farqli o‘larok, 19 asrda ro‘y bergan cherkeslarni etnik tozalash jarayoni haqida kamdan kam ma‘lumotlar bor. Tarixchilar buni davrlar o‘zgarishi bilan tushuntirishadi , deylik 19 asrda keng qabul qilingan aqidalar va harakatlar yuz yil o‘tib axloq mezonlariga mos kelmasligi mumkin.

London va Parij polyaklarning qo‘zg‘olonini bostirgan Rossiyani keskin qoralab chiqishgan, biroq aynan o‘sha paytda cherkeslarni surgun qilganiga e‘tiborsiz qaraganlar.

1859 yili Qora dengiz sohilida 455 ming cherkes istiqomat kilardi. Usmoniylar imperiyasining rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, cherkes xalqidan Turkiyaga 200 ming nafar, Rossiya hujjatlariga ko‘ra -251 ming kishi badarg‘a qilingan. Taxminan 80 ming cherkeslar Rossiya tabaaligini qabul qilib, Qafqozning boshka hududlariga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganlar. Qolganlari esa urush va ocharchilikda qurbon bo‘lishgan… Shapsuglar va ubixlarning deyarli barchasi, abadzex va bjeduxlarning yarmi Turkiyaga ko‘chib ketganlar.

Muhojirlik

Cherkeslarning ommaviy tarzda ko‘chirilishi ikkala mamlakat o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan o‘tgan. Istambulda tuzilgan maxsus qo‘mita hamda Ichki ishlar vazirlik ko‘chirib keltirilgan shaxslarning hujjatlari bilan shug‘ullangan. Ammo ikkala tomon jarayonni madaniyatli tarzda o‘tkazolmaganlar.

Rossiya hududida cherkeslarni jamlog‘larda saqlashgan. Turkiyaga yetib kelgach ular yangi joylarga ko‘chib ketishlarini kutganlar. Ikkala mamlakatda ularning ishlari cho‘zilib ketib, odamlar to‘yib ovqatlanmaslikdan, iflos muhit va turli kasalliklardan azob chekishgan… Ularning nochor ahvoli shu darajaga yetganki, Usmoniylar sultoni muhojirlarga o‘z ayollari va farzandlarini qullikga sotmaslik borasida farmon chiqarishga majbur bo‘lgan…

Rossiya kemalari esa cherkeslarni olib o‘tishlarini istamaganlar, Turkiya tomonidan esa ko‘chirish jarayonini ko‘p xolatlarda kemalarni liq to‘ldirib insofsiz tujjorlar boshqarishgan.

1867 yili Qafqoz noibi buyuk knyaz Mixail Nikolayevich cherkeslarning Turkiyaga hijrat qilishlarini to‘xtatgan. Cherkes aholisiz qolib ketgan ovullarda ziroatchilik keskin paysayib ketgani mazkur qarorga sabablardan biri bo‘lgan.

"Cherkeslar, uzoq muddat bosqinchilik qilganlariga qaramay, farovon turmush qurib kelganlar, ular dala va meva bog‘lariga ega bo‘lishgan, asalarichilik va chorvadorchilik bilan shug‘ullanganlar, yilqi uyurlariga egalik qilganlar. Ular boy hayot kechirishgan. Endi esa, yerlari tortib olingach, joylaridan haydalgach, yangi kelgindilar dala ekinlariga qaramay, bog‘larni yo‘q qilib, o‘rmonlarni kesib tashlandiq bir yerga aylantirishgan va bu farovon yerlarda yashayotganlariga qaramay kelgindilarimiz qashshoq, yalang‘och va ko‘rimsiz holda sarson-sargardon yurishmoqda", deb yozgan rus tadqiqotchilaridan grafinya Praskovya Uvarova.

Keyinchalik Rossiya hukumati siyosiy nuqtai nazarida shubhali deb sanalgan cherkeslarni Makkaga Hajga yuborib, u yerdan qaytib kelmasliklari uchun barcha harakatlarga qo‘l urgan…

Hozirgi kunda Yaqin Sharq davlatlarida, xususan Iordaniyada, cherkes jamoalari mavjud, ular 1860 yillara rus hukumatidan qochib, shu yerlarda o‘rnashib olganlar.

Inson huquqlari himoyachilari orasida hamon ham 19-asr hodisalarini ommaviy qirg‘in yoki etnik tozalash deb ta‘riflash borasida bahslar davom etmoqda.

Sochi Olimpiada uyinlaridan oldin xorijda joylashgan cherkes faollari tub aholi haydalgan yerlarda o‘yinlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik kerak degan talab bilan chiqganlar, biroq buchiqishlarni qo‘llaydiganlar oz bo‘lgan…

1990 yildan boshlab 21 may kuni Adigey, Karachayevo-Cherkesiya va Kabardino-Balkariyada rasman motam kuni deb e‘lon qilingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.