Prezident Karimov Ukraina saylovlarini olqishladi

Image caption Janob Karimovga ko‘ra, saylov natijalari boshqa davlatlarni "tinchlantirgan"

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, Ukrainadagi prezidentlik saylovlari "aksariyat aholi tinchlik va yagona Ukrainani tanlaganliklari"ni ko‘rsatgan.

Chorshanba kuni Toshkentda, Latviya Prezidenti Andris Berzinsh bilan muzokaralar ortidan gapirgan janob Karimov saylov natijalari boshqa sobiq sovet davlatlarini "tinchlantirgani"ni aytgan.

"Eng asosiysi, bu saylovlar aksariyat saylovchilarning tinchlik, osoyishtalik va yagona Ukraina tarafdori ekanliklarini ko‘rsatdi", - degan Prezident Karimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning ukrain saylovlarida g‘alaba qozonayotgan Petro Poroshenko bilan gaplashishga tayyor ekani haqidagi bayonoti sobiq sovet davlatlarida "nafaqat olqish, balki yengil tortish bilan" qarshi olingan.

Janob Karimovga ko‘ra, Rossiya va Ukraina orasidagi ziddiyat sobiq sovet davlatlari va mintaqa bo‘ylab "xavotirlar to‘lqini"ni yaratgan.

U Ukraina inqirozini yechish bo‘yicha muzokaralar jarayonini tezlashtirishga chaqirgan.

"Tomonlar o‘rtasida muzokaralar jarayoni qanchalik tez boshlansa, o‘rtadagi muammolarni shunchalik tez yechish mumkin bo‘ladi", - deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

Prezident Karimov Moskva hamda Kiyev to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishlari muhimligini urg‘ulagan.

O‘zbekiston rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qarama-qarshilikni "g‘ayritabiiy" deb atagan bo‘lsa-da, ziddiyat bir kunda paydo bo‘lmaganiga e‘tibor qaratgan.

Uning aytishicha, ushbu ziddiyat Ukrainada "bugun, kecha yoki o‘tgan kuni paydo bo‘lmagan juda ham jiddiy anglashilmovchiliklar va jiddiy muammolar mahsulidir".

O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ziddiyatga "katta davlatlarning aralashgani" xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Janob Karimov Ukraina inqirozining tinch yo‘l bilan yechilishi tarafdori ekanliklarini yana bir marta urg‘ulagan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning hududiy butunligi va mustaqilligini himoya qiluvchi bayonot bilan chiqqan edi.

O‘zbekiston mintaqada Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini tan olmagan va Ukrainaning hududiy yaxlitligiga tajovuzni ochiqchasiga qoralagan yagona davlat bo‘lgan.

Ukrainaning o‘zida muvaqqat Prezident Oleksandr Turchinov ovozlarning 100 foizi sanab bo‘lingani va Petro Poroshenko 54,7% foiz ovoz bilan saylovlarning birinchi davrasida g‘alaba qozonganini e‘lon qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.