Yangi Iqtisodiy Ittifoqdan kimga qanday naf bor?

Image copyright Reuters
Image caption Yangi Iqtisodiy ittifoq rahbarlari

Qozog‘iston, Rossiya va Belorus o‘rtasida Bojxona Ittifoqi bir muncha muddatdan beri amal qilib kelmoqda edi. Endilikda Iqtisodiy Ittifoq chuqurroq va kengroq iqtisodiy integratsiyani nazar tutishi dav‘o qilinar ekan, bu mintaqa uchun nimani anglatadi? Chuqur va yo yaqinroq iqtisodiy aloqalar nimalarni o‘z ichiga oladi? Mintaqa masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillis bilan suhbat.

Joanna Lillis: Ostonada bugun tashkil etilgan tashkilot unga a‘zo davlatlar, Rossiya, Qozog‘iston va Belorus, shuningdek, keyinchalik a‘zo bo‘lib kirishga nomzod davlatlar Qirg‘iziston va Armaniston iqtisodlarining anchayin chuqurroq integratsiyasini nazarda tutadi. Demakki, biz iqtisodiy sohada yana ham yaqin hamkorlikni kutishimiz mumkin bo‘ladi.

BBC: Lekin bu chuqurroq va kengroq integratsiya nimalarni o‘z ichiga oladi, buning tafsilotlari bormi?

Joanna Lillis: Bugun imzolangan bitim va tashkil etilgan tashkilotning e‘tiborli jihatlaridan biri shuki, u nimalarni o‘z ichiga olishini biz bilmaymiz. Bu tafsilotlar ochiqlanmagan. Imzolangan bitimning nihoiy nusxasi ommaga shkor etilmagan. Ana shu jihatdan ham bu bitim qarama-qarshi fikrlarni uyg‘otmoqda. Bugun imzolash marosimidan so‘ng so‘zlagan prezidentlar kengroq iqtisodiy hamkorlik va xalqlar uchun ko‘plab foyda bo‘lishi haqida gapirdilar. 170 million kishi uchun yaratilayotgan ulkan bozor tilga olindi. Lekin aytganimdek bu chuqurroq hamkorlikning qirralari va tafsilotlari, nimalardan iborat bo‘lishi haqida hech nima aytilmadi.

BBC: Bu tafsilotlar oshkor etilmayotgani sababi nima bo‘lishi mumkin?

Joanna Lillis: Fakt shuki, bitim shartlari haqida muzokaralar imzolash marosimidan avval oxirgi daqiqalarga qadar davom etdi. Tashkilot asoschilari hisoblangan uch prezident o‘rtasida tashkilotning shakli va Ovrosiyo iqtisodiy Uyushmasining shakli haqida kelishmovchiliklar oxirgi daqiqalarga qadar bo‘y ko‘rsatib turdi... Masalan, ayniqsa Qozog‘istonda Rossiyaning tashkilotdagi ehtimoliy ustuvorligi borasida anchayin xavotirlar bor edi. Albatta Rossiyaning iqtisodi eng ulkani bo‘libgina qolmay, siyosiy jihatdan ham eng qudratli davlatdir. Hatto mintaqaviy integratsion jarayonlarning qo‘llovchisi bo‘lgan va Ovroosiyo uyushmasi g‘oyasini 20 yil avval ilgari surgan prezident Nazarboyev ham, anchayin ehtiyotkor shaklda bo‘lsa ham siyosiy ustuvorlik haqidagi o‘z xavotirlarini izhor etib keldi. Bu mutlaqo iqtisodiy birlashma ekanligini qayta-qayta uqtirdi. Lekin mintaqa tahlilchilarining aksari bu kabi tashkilotlar siyosiy jihatga ham albatta ega bo‘lishini aytib keladilar. Bu tashkilotga qarshi Qozog‘istonda, kichik bo‘lsa ham ovozi anchayin baralla yangragan qatlam bor.

BBC: Mintaqadagi boshqa davlatlarninng bu Ittifoqqa munosabati qanday?

Joanna Lillis: Qirg‘iziston Ittifoqqa kirish uchun rasman nomzod. Armaniston ham shu mavqeda, lekin Yerevanning a‘zo bo‘lib kirish jarayoni Qirg‘izistonnikiga qraganda anchayin tezroq siljimoqda. Ostonada bugun Qirg‘iziston prezidenti ham bor edi va u a‘zo bo‘lib kirish harakatlarini davom ettirish istagini izhor etgan. Kelasi yil yanvar oyidan boshlab Ittifoq kuchga kirgan vaqti ular ham to‘liq a‘zo bo‘lishga harakat qilayotganlarini bildirdi. Lekin bunga erisha oladilarmi yo‘qmi noma‘lum, hali anchayin ishlar qilinishi kerak. Tojikiston so‘zda a‘zo bo‘lib kirishga qiziqish izhor etgan, lekin hozircha rasman nomzod mamlakat emas. Lekin Qirg‘izistonda ham bunga qarshi ovozlar bor, iqtisodi anchayin kichkina bo‘lgan mamlakatda ayniqsa tujjorlar ularning biznesiga zarar yetishidan xavotirdalar. Tojikiston ramsiylari Qirg‘iziston tajribasini yaqindan kuzatishlari va shundan kelib chiqib o‘z imkoniyatlarini ko‘rib chiqishlarini aytishgan.

BBC: Ostonada prezidentlar Ittifoq bitimini imzolayotgan ekanlar, ayni vaqtda O‘zbekiston anchayin uzoqroq joylashgan Latviya bilan iqtisodiy hamkorlik jihatlarini ko‘rib chiqib, butunlay o‘zga yo‘nalishga ko‘z tutmoqda, shundaymi?

Joanna Lillis: Ha, O‘zbekiston Ovrosiyo Ittifoqiga a‘zo bo‘lib kirish istagini rasmiy darajada izhor etmagan. Toshkent Rossiya boshchiligidagi integratsion jarayonlarga hamisha ishonchsizlik bilan qarab kelgan. Shuning uchun yaqin orada O‘zbekistonning bu Ittifoqqa a‘zo bo‘lib kirish ehtimolini ko‘ramiz, deb o‘ylamayman. Albatta, aytib o‘tganimdek, bu xavotirlar mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham bor. Lekin boshqa mamlakatlar Rossiya bilan hamkorlikning foydali tomonlarini ham ko‘rgan va yo bir ma‘noda qochib qutulib bo‘lmaydigan narsa sifatida ko‘rayotgan bo‘lishlari ham mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.