Muhojirlar uchun yangi qonun loyihasining nima ahamiyati bor?

Image copyright Reuters

Rossiya hukumati Davlat dumasining mamlakatga kirish vizasi talab qilinmaydigan muhojirlarga ishlashga ruxsat, ularning migratsion kartasida "Rossiyaga tashrifdan maqsad - ish", deb ko‘rsatganidan keyin berilishi tartibi haqidagi qonun loyihasini quvvatlagan.

Bu haqda Rossiya Vazirlar mahkamasi rasmiy saytida ham qayd etilgan.

"Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy mavqei" federal qonuniga o‘zgartirishlar Dumaga fevral oyida "Edinaya Rossiya" partiyasi deputatlari Irina Yarovaya, Aleksandr Xinshteyn va Igor Rudenskiy tomonidan kiritilgan.

Qonun loyihasi mualliflari uni qabul qilinishi Rossiyaga ishlashga keluvchilarni nazorat qilish imkonini beradi degan fikrda. Bu Rossiyadagi migratsiya vaziyatni ko‘proq oydinlashtiradi, deb aytgan deputatlar.

Ayni paytda Rossiyaga vizasiz kirib keladigan xorijliklar, jumladan Markaziy Osiyo fuqarolari migratsiya hujjatida Rossiyaga ishlashga kelganini ko‘rsatmasdan ham ishlashga ruxsat so‘rab murojaat qila oladi.

Deputatlar bu hol Rossiyada noqonuniy muhojirlar haddan tashqari ko‘payib ketayotganiga ham sabab bo‘layotganini aytadilar.

Moskvada "Qonun va muhojirlar" markazining rahbari Yulduz Otaniyozova Duma taklif qilayotgan qonun loyihasi mehnat muhojirlariga qonun tomonidan yaxshi ekanligini aytadi.

"Ko‘p muhojirlar migratsion kartani to‘ldirilayotganda tushunmasdan qarindoshini ko‘rgani kelgani yoki turizm, deb ko‘rsatadida, bu yerda ish qidiradi. Ishlab yurganlarning hujjatlariga qaraganda, maqsadi turizm deb yozilgan bo‘ladi. Bu qonun kuchga kirsa, ishlashga kelgani yozilgan muhojirlar belgilangan 90 kun tugagach, chiqib ketmaydi balki qolib ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Biz bu qonun bilan birga patent narxlari va muhojirlarni yotoqxona bilan ta‘minlash kerakligini ham Muhojirlik xizmatiga aytganmiz. Qonun loyihasiga shu shartlar ham kiritilishi kerak edi. Lekin keyingi Ukraina voqealari sabab, migratsiya masalalariga e‘tibor biroz chetda qoldi va bizning taklifimiz amalga oshmadi. Biz bu masalada yana ishlayapmiz hozir. Har bir muhojir xorijiy davlatga kirish oldi yolg‘on gapirmasdan, nimaga kelganini aniq yozsa, o‘ziga keyinchalik muammo tug‘ilmaydi", deb aytadi huquqshunos Yulduz Otaniyozova.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.