Badavlat Turkmaniston fuqarolari Turkiyada nima qilishadi?

Image copyright none
Image caption Turkiyada badavlat oilalarda xizmat qilayotgan markaziy osiyoliklar haqida aniq raqamlar yo‘q

"Soat 6:00da turaman. Bolalarni maktabga yuboraman. Keyin xonimimning nonushtasini hozirlayman. Shundan so‘ng, uyni tozalashni boshlayman", deydi G‘uncha kundalik ish tartibi haqida so‘zlarkan.

U men bilan so‘zlasha turib, uy oynalarni tozalaydi, kirlarni osadi. Oshxonani tartibga soladi.

"Uyda o‘g‘lim, erim, qaynona-qaynotam qolgan. Ikki yil bo‘ldi, o‘g‘limni ko‘rmadim. O‘zim bu yerda boshqa birovning bolasiga qarayman..."

G‘uncha Turkmanistonda davlat ishxonalaridan birida ishlagani, keyin qisqartirishga tushib, uyda qolgani haqida hasrat qiladi.

"Erim oladi oylik, dollarga o‘girsangiz, 250-300 bo‘ladi, bu ro‘zg‘orni tebratishga yetmaydi", deydi u.

"Bu yerda 700 dollar maosh olaman, uni oilamga jo‘nataman, bu yerdagi xarajatlarimni men ishlayotgan uy sohiblari ko‘tarishadi. Hozirgacha ishlagan pulimga bir mashina sotib oldik. Endi uyimizni ta‘mir qilishimiz kerak. Shundan so‘ng, yetar, ketaman".

Image copyright none
Image caption "Turkmanistonda gazga, suvga, elektrga to‘lamaymiz. Shunda ham yetmaydi", deydi G‘uncha

"Hozir erim uydan uzoqda ishlaydi. Bolamizga qaynonam qaraydi", deya qo‘shimcha qiladi G‘uncha.

U meni kattagina, ikkita yotoq, shkaf, televizor va boshqa zaruriy jihozlar bilan yasatilgan xonaga boshlaydi.

"Mana mening yotoqxonam, oqshom 9:00da bo‘shayman, bu yerda kechalari dazmol qilaman. Ishlar bitgach, televizor ko‘rib, dam olaman", deydi u.

"Qaniydi bizda ham ish bo‘lsaydi", deya xo‘rsinadi G‘uncha. "Vatanda biron bir og‘aynimiz to‘y qilsa, 20-40 yosh oralig‘ida hech kim yo‘qmish. Kuchi yetgan kishi ishga bu yerga keladi. Turkiyada har uydan eng yo‘q deganda 2-3 kishi bor... Yoshi to‘lmagan bolalarni birovlarga berib ishlayotgan yosh oilalar-da bor... Negadir biz tomondan Rossiyaga ko‘plar borishmaydi. Turkiyada musulmon ko‘p bo‘lgani uchunmi, og‘ayni-og‘ayni bo‘lib ishlashadi. Bir kun ishdan ozod kunimizda bir-birimiz bilan uchrashamiz, birga ovqatlanamiz, u yoq bu yoqqa boramiz... Endi yaxshi ishlab yurganlar ham, ish topa olmay sarson yurganlar ham bor".

"Turkmanistonda gazga, suvga, elektrga to‘lamaymiz. Shunda ham yetmaydi. Endi, masalan, 300 dollar, biz uchun normal - yemak uchun, boshqa uchun. Ammo, undan ortig‘iga yetmaydi".

G‘uncha turmush o‘rtog‘i 5 yil oliygohda tahsil olgani, biroq mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagani, hozir qora ish qilishini aytadi.

Image copyright none
Image caption "Turkmanistonda ham ish bo‘lsa edi..."

"O‘zim ham mutaxassisligim bo‘yicha ish topa olganim yo‘q. Mayli, o‘z ishimni qilmay, boshqa biron ish qilay, desam ham hech yo‘q. Turkmanistonda ish bo‘lsa edi, bu yerlarga kelarmidim".

"Bu yerda menga eng qiyini - bolamni, oilamni sog‘inaman. Sog‘ingan paytim, bir daqiqa ham kechmayotgandek tuyuladi, hech o‘tmaydi".

G‘uncha ketaman degan niyat bilan anchadan beri Istanbulda qolib ketgan o‘n minglab markaziy osiyolik muhojirlarning biri...

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu son yildan yilga ortib bormoqda.

Tahririyatdan: Xavfsizlik xavotirlari bois, G‘uncha bilan tayyorlangan videolavhani nashr eta olmadik. Qahramonning ismi ham o‘zgartirilgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.