Sayyoh blogi: Mahmud Qoshg‘ariy xilxonasida

Image caption So‘nggi paytlarda ziyoratchilar oqimi ko‘paygan

Shinjonning ko‘hna shahri Qoshg‘arni ortda qoldirib, besh-olti chaqirimlar yo‘l yuramiz. Yo‘l dala va bog‘lardan o‘tganida o‘zimni xuddi uyda yurgandek his qilaman.

Xuddi o‘sha tuproq yo‘llar, qamishlar o‘sgan katta ariqlar, paxsa va xom g‘ishtdan ko‘tarilgan uylar, yo‘lning ikki tomoniga qator teraklar ekilgan qishloqlar ortda qoladi. Ko‘chalarda do‘ppi kiygan erkaklar. Agar do‘ppining rangi va undagi naqshlar demasangiz, Farg‘onaga kelib qoldimmi, degan o‘yga borasiz. Hamrohlarim qatori men ham atrofni juda katta qiziqish bilan kuzatib kelaman. Shanxaylik hamrohim Xitoyning g‘arbiy burchida shundayin tamaddun borligidan juda ham hayratda ekanini yashirolmaydi. "Bu tamaddun va undagi hazorani bilishing uchun albatta shu yerga kelishing shart ekan!", deydi u.

"Haqiqiy musulmonlar yashaydigan o‘lka ekan", xulosa qiladi u.

Biz o‘tirgan avtobus kattaroq maydonga kirib kelib, to‘xtadi. Maydondagi boshqa avtobuslardan xulosa qildimki, bu yerga ham juda ko‘p sayyohlar tashrif buyurishadi. Ko‘nglim ko‘tarildi. Hammadan ham men tezroq ichkariga kirish, shuncha yillardan beri kutgan uchrashuv ilinjida yonardim.

Mendan birmuncha masofa narida turkning yetuk allomasi, ustoz Mahmud Qoshg‘ariy xilxonasi. Hamrohlarim avval maydonchadagi do‘konlarga andarmon bo‘ladi. Sabrim chidamaydi. Ziyoratgohga kirib ketayotgan boshqa guruhga qo‘shilib oldim. Ko‘hna daraxtlar oralab, yuqorilaydigan yo‘ldan xilxonaga ko‘tarildik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ziyoratgoh o‘rtasida allomaning haykali!. Xuddi Hazrat Navoiy yoki Mirzo Ulug‘bek singari tafakkurga berilgan. Men O‘zbekistonda ko‘rgan buyuk allomalar siymolaridan hech farqi yo‘q. Shunda xayolimga o‘y keldi: allomalarning siyrati-yu suvrati ham bir bo‘larkan!.

Image caption Mahmud Qoshg‘ariy turkiylar lug‘atchiligiga asos solgan qomusiy olimdir

Men qo‘shilib olgan guruhda uyg‘ur birodarlar ko‘pchilik ekan. Ulardan biri bilan suhbatlashib qoldim. Uning gaplaridan bilganim, ziyoratgohga so‘nggi vaqtlarda e‘tibor kuchaygan. "Avval faqat Ofoqxo‘janing oilaviy xilxonasiga alohida e‘tibor berilardi, endi bu yerda ham ishlar boshlab yuborildi", -deydi qardoshimiz.

Ziyoratgoh o‘rni hususida ham ozroq to‘xtalib o‘tish lozim. Atrofini baland-baland tuproqtepalar qurshab olgan ziyoratgohga turli-tuman daraxtlar ekilgan. Xilxonaga yondoshtirib qurilgan uyning zinasidan asta ko‘tarilamiz. Kiraverishdagi xonaga Mahmud Qoshg‘ariyning zamonaviy rassom tomonidan ishlangan katta surati osib qo‘yilgan. Darsliklar yoki kitoblarda ko‘rganimiz o‘sha allomalarimizning suratlaridan o‘zgachalik sezmayman. Sallali, qora ko‘z va soqolli kishi bizga sinovchan tikilgandek. Yana o‘sha o‘y xayolimdan o‘tadi:"Allomalarning suvrati ham bir bo‘larkan!".

Surat ostida esdalik uchun rasmga tushdik. O‘ng tomonga yurib, toshqabr ustiga yashil baxmal tortilgan xilxonaga kirdik. Ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketdi. Turkiy davlatlar orasida ayniqsa O‘zbekiston va Turkiyada allomaning "Devoni lug‘otit turk" asari batafsil tadqiq etilgan, qayta-qayta nashr etilgan. Ko‘plab turkologlar asarni o‘rganishgan. Lekin ularning aksariyatiga bu joylarga kelish nasib etmadi.

Qur‘on tilovatini boshladim. Uyg‘ur birodarlar darrov yonimdan o‘rin olishdi. Qoshg‘ariy hazratlari ruhiga duoyi fotiha qildik.

Bir-ikki xonaga hafsalasizlik bilan ayrim narsalar qo‘yib qo‘yilgan. Ko‘hna asori-atiqalarni yodga solishi uchun. Olimning Turkiyada turli yillarda nashr etilgan asari namoyishga qo‘yilgan. O‘zimizda chiqqanlari yo‘qligidan ko‘ngil hijil tortdi. Ziyoratgoh mas‘ullariga bu haqda aytdim. Ular ham bu haqda bilisharkan. Ammo O‘zbekistonda nashr bo‘lgan "Devoni lug‘otit turk" ni keltirish paysalga solinayotganidan so‘zlab qolishdi.

Xonalarni aylanarkanman, xayolan talabalik yillarimga qaytgandek bo‘laman. Gavjum auditoriya. Ko‘ngli yumshoq domlamizning maroqli ma‘ruzasi.

"Qoshg‘ariy domla, hurmatli talabalar, qadimiy turkiy qavmlar dialektologiyasidan bahs yurituvchi noyob asar bitib, turkiy tilning fonetik va morfologik hususiyatlaridan, dialektik shakllarning o‘ziga hosligidan bahs yuritadilar. Ustoz shuningdek, Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Ural va Volgabo‘yida yashagan turkiy qabila va xalqlarning og‘zaki ijodi haqida alohida to‘xtalib o‘tadilarkim, bu ishlari, albatta tahsinga sazovordir!. Qolaversa, "Devoni lug‘otit turk" qomusiy asar bo‘lib, unda tarixiy voqealar, o‘sha davr turkiy qavmlarining urf-odatlari, etnografiyasi batafsil bayon etiladi..."

Xilxonadan tashqariga chiqamiz. Uning shundoq biqinida yaqinda qurilganmi, kichkinagina chillaxona. Sal nariroqda shundoq loydan ko‘tarilgan qabrlar, ularning o‘rtasida shohlariga lattalar bog‘lab tashlangan butasimon daraxt. Bularning hammasi ziyoratgoh atroflariga qandaydir mahzunlik berib turgandek. Tuyqus shuni angladim-u, ko‘nglim negadir g‘ashlandi. Sababini bilmayman.

Ziyoratgohni anchagacha aylandik. Quyuq o‘sgan daraxtlar ostidan sizib chiqadigan buloq suvlaridan ichib, yelim idishlarimizni ham to‘ldirib oldik.

Tushga yaqin safarimiz oyoqladi. Bu yerga yana kelishni niyat qilib, ziyoratgohni tark etdik. Avtobuslarga chiqib joylasharkanmiz, ko‘nglim ancha ravshan tortganini sezdim. Shundoq olis yurtlardan kelib, Qoshg‘ariy hazratlarini ziyorat etganimdan anchayin g‘ururlandim. Nazarimda, xilxona uzra ko‘tarilgan Qoshg‘ariyning ruhi bizlarni kuzatib qolayotgandek tuyulaverdi...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.