Ka‘bada olingan fotosurat ko‘pchilikni g‘azablantirmoqda

Islom olamida muqaddas hisoblangan Ka‘baga oyog‘ini qo‘yib dam olib turgan Saudiya Arabistoni politsiyasi xodimining fotosurati Arab dunyosida ko‘pchilikni g‘azablantirmoqda.

Ayni paytda politsiyachiga xayrixohlarning ham to‘lqinini yuzaga keltirgan.

Bu fotosurat Twitter orqali keng tarqatilmoqda.

Bu suratda Makka shahridagi Islom olamidagi eng muqaddas bino - Ka‘ba devoriga bir oyog‘ini qo‘yib suyanib turgan politsiyachi aks etgan.

Bu fotorasmni kim tasvirga tushirgani ma‘lum emas.

"Bu Yer yuzidagi eng muqaddas joy, bu odamni qanday oyoqosti qilayotganini qarang", deb yozgan bir Twitter foydalanuvchisi.

"Odamlar bir umr Ka‘baga bir marta qo‘lini tegizishni orzu qiladi, biroq bu odam esa Ka‘baga nisbatan shunchalar hurmatsizlik qilgan", deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.

Haj va Umra ziyoratiga borgan musulmonlar Ka‘bani tavof qiladilar.

Twitterdagi #عسكري_يضع_قدمه_على_الكعبة

xashtagi #Askaroyog‘iniKa‘bagaqo‘ydi, deb tarjima qilinadi, bu xashtag 17000 martadan ortiq foydalanilgan.

Image copyright AP

Fotosurat ko‘p sondagi yangilik web-saytlarida e‘lon qilingan.

Bu rasmning web-saytlarda e‘lon qilinishiga qarshi bo‘lgan mushtariylar esa shikoyat qilganlar.

Xabarlarga ko‘ra, Makkaning hokimi Shahzoda Mishal ibn Abdulloh ibn Abdulaziz ushbu hodisa yuzasidan tekshirish boshlashga buyruq bergan, intizomiy chora ko‘rishga chaqirgan.

Arab dunyosida tabarruk deb ko‘rilgan narsaga poyafzalni tegizish haddan ziyod tahqirlov sanaladi.

Ayrim xabarlarda aytilishicha, Makka rasmiylari politsiyachining oyog‘idagi poyafzal emas, balki muqaddas masjid xodimlari Ka‘batulloh atrofida muntazam ravishda foydalanadigan kalishga o‘xshagan oyoqqa kiyiladigan poyafzal, deb aytishgan.

Twitterda fotosuratdagi politsiyachini himoya qilgan yozuvlar ham paydo bo‘lgan.

Ko‘pchilik bu odam haddan ziyod charchagan bo‘lsa, nafasini rostlash uchun to‘xtagandir, degan ma‘noda yozganlar.

Ayrimlar esa fotosuratning haqiqiyligini ham shubha ostiga olgan: "Haj marosimi paytida kim rasmga oladi?", deya savol berganlar bo‘lgan.

Shahzoda Mishal muqaddas masjid ichkarisida xodimlar o‘zlarini qanday tutishlari lozimligi borasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga buyruq bergani xabar qilingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.