Nigerning go‘dak kelinchaklari narxi qancha?

Image copyright none

Niger voyaga yetmagan qizlarni turmushga uzatish ko‘rsatkichi eng yuqori davlatlardan biri va bunday hollarga qarshi kurash oson kechmayotir, deb yozadi BBC muxbiri Fergal Kin.

Bu tuproqda har bir tanlov jon saqlashni, ocharchilik va qashshoqlik qarshisidagi muammolarga qarshi kurashni anglatadi.

Niger - dunyoning taraqqiyotda eng orqada qolgan davlati. BMTning rivojlanish indeksida Niger eng oxirgi - 187chi o‘rnini egallaydi.

Ammo, bu mamlakatda tug‘ilish darajasi dunyoning boshqa qismlariga qaraganda eng yuqori.

Shu bilan birga, Niger voyaga yetmagan bolalarni turmushga berish bo‘yicha ham birinchilar qatorida.

Bu yerda qizlarning qariyb 24 foizi 15 yoshga chiqquniga qadar uzatilib bo‘linadi. 80 foizga yaqini esa, 18ni qoralamasidan erga beriladi.

Mazkur voqe‘lik Nigerdagi barcha etnik guruhlar, jumladan, aksariyatni tashkil qiluvchi Hauza jamoasiga ham tegishli.

Asosiy sabab - iqtisod.

BBC muxbiri Fergal Kin yosh qizlarni kelin sifatida sotayotgan ba‘zi odamlar bilan uchrashgan.

Qizni uzatish kambag‘al oilalar uchun "qalin", bundan tashqari, oilada yeydigan bitta og‘iz kamayadi deganidir.

Bundan tashqari, turmushga chiqmagan qizlarning nikohdan tashqari homilador bo‘lib qolishlari yuzasidan xavotirlar ham chuqur ildiz otgan.

"Orzu-xayollarga o‘rin yo‘q"

Nigerda voyaga yetmagan qizlarni uzatish muammosi ildizlari qashshoqlik va ayolning jamiyatdagi o‘rni masalasiga borib taqaladi.

Shimoliy Agadez shahrida bizga qizlar qo‘shni Nigeriyadagi badavlat erkaklarga ming-minglab dollarlar evaziga berilishini aytishdi.

Narxlar qizning chiroyiga qarab farqlana boradi.

Aminaning 15 yoshli qizi bor. O‘zi ishsiz va turmushidan ajralgan.

Amina Nigerda "qizlarning orzu-xayollari uchun joy yo‘q"ligini aytadi.

Unga ko‘ra, turmush qurish qizining ixtiyorida, ammo o‘zi badavlat kuyovni ma‘qul ko‘radi.

"Ko‘p oilalar ilojsiz... Boy nigeriyaliklar kelib millionlarni (mahalliy pulda) taklif qilib turarkan, ular qizlarini yosh bo‘lsalar-da, berib yuborishadi", deya qo‘shimcha qiladi Amina.

Oqibatlar achchiq

Bu kabi turmushlarning esa, oqibatlari ba‘zida halokatli bo‘lishi mumkin.

Oyshani (ismi o‘zgartirilgan) 13 yoshida Nigeriyaning Kano shahridagi tadbirkorga uzatishgan.

"Bu meni baxtli qiladigan turmush edi, deb o‘ylamayman", deydi u. "Ammo men juda yosh edim va maslahat solishim mumkin bo‘lgan hech kimim yo‘q edi".

Oysha oilasidan uzoqda, erining uyida hibsga tashlangandek, his qiladi.

"U har doim meni sotib olganini pesh qilardi. Bu men uni istashim-istamasligim emas, u meni sotib olgani uchun edi", deydi u.

Oyshaning eslashicha, 10 kundan keyin eri uni yotog‘iga qamab qo‘ygan. "U uyda menga yomon muomila qilardi... Bir kun meni yotoqqa qulflab qo‘ydi... Aytish joiz bo‘lsa, u meni zo‘rladi".

O‘smir keyinroq akasining yordami bilan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Hozir Oysha 21 yoshda va hamshira bo‘lish uchun tahsil olmoqda.

Savodsizlik

Yosh homila orttirgan qizlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Niger poytaxti Niameydagi Dimol tibbiyot markazida 12 yoshida turmush qurgan qizlar ham bor.

Hauza tilida Dimol "qadr-qimmat" degani ma‘noni anglatadi. Mazkur tibbiy markazda jismonan farzand ko‘rishga tayyor bo‘lmagan qiz-juvonlarga yordam ko‘rsatiladi.

Klinika direktori Salamatou Traore muammolarda qashshoqlik va savodsizlikni ayblaydi. "O‘zgarishlar yasash o‘ta qiyin va qimmatga tushadi. Chunki, aholining aksr qismi savodsiz".

"Ular maktabga borishmaydi va qizlarini ham ta‘lim olishga qo‘yishmaydi. O‘zgarishlar qilish mushkul".

Voyaga yetmagan qizlarni uzatish bu yerda oddiy ijtimoiy voqe‘lik bo‘lib qolarkan, mazkur holat diniy ulamolar tarafidan ochiqdan-ochiq dastaklanadi.

Hukumat qizlarni himoyasiga qaratilgan yangi qonunlarni joriy etishga urinarkan, ushbu aksar aholisi musulmonlardan iborat mamlakatdagi taniqli ulamolarning qattiq qarshiligiga duch kelgan.

Agadezdagi diniy maktabda Shayx Abbos Yahyo BBCga uylanish yoki turmushga uzatish juftlarning jismoniy jihatdan tayyorligiga qarab belgilanishini aytdi.

"Bunda qizning va erkakning jismoniy holatiga bog‘liq", deydi u.

"Agar ikkovlari jismonan voyaga yetgan bo‘lsa, turmush qurishlari mumkin. Chunki, Islomda hatto 9 yoshdan, agar qiz sog‘lig‘i ko‘tarsa, oila qurishi mumkin".

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi o‘zgarishlar uchun kurashmoqda. Jamg‘arma shaharlar va qishloqlarda ogohlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan.

Nigerning Bolalar himoyasi bo‘yicha komissari Brigitt Sonnoisga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalarni turmushga uzatish muammosi keng ko‘lamda hal etilishi kerak.

Oilalarni oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta‘minlash, ta‘lim va eng muhimi, ayollarning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq muammolar hali qilinishi kerak.

"Odamlar qizlarning ta‘lim olishi ahamiyatini ko‘rmaydilar. Ular asosan xotin va ona bo‘lishlari kerak hamda bola tug‘ib katta qilishlari lozim deb ko‘riladi", deydi u.

Bu kabi yondashuvni o‘zgartirish va qashshoqlik muammosini bartaraf etish qo‘rqinchli vazifadek ko‘rinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.