Ukraina: Sharqiy mintaqada barqarorlik o‘rnatiladi

Image copyright sergey espinov
Image caption Vertolyot mamlakat sharqida joylashgan Slavyansk shahri yaqinida urib tushirilgan

Ukraina qo‘shinlari mamlakat sharqida tinchlik va barqarorlik o‘rnatilgani qadar isyonkorlarga qarshi kurashni to‘xtatmaydi.

Bu haqda Ukrainaning o‘tish davri Ichki ishlar vaziri aytgan.

Slavyansk atrofida janglar tobora shiddatli tus olmoqda.

Kecha isyonkorlar Ukraina harbiy vertolyoti urib tushirishi oqibatida 12 kishi qurbon bo‘lgan edi.

Dushanba kuni Donetsk havo qo‘nalg‘asida kechgan jangda 100ga yaqin bo‘lginchi o‘ldirilgan.

Ukrainada yangi prezident etib saylangan Petro Poroshenko "banditlar"ni jazolashga so‘z bergan. Porosheko bu haqda rossiyaparast isyonkorlar harbiy vertolyotni urib tushirishi va 12 inson nobud bo‘lishi ortidan gapirgan.

UNIAN axborot agentligi qudratga kelayotgan yangi prezidentning: "Ukraina xalqining dushmanlari tarafidan qilingan ushbu jinoiy hatti-harakatlar jazosiz qolmaydi", degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Vertolyot mamlakat sharqida joylashgan Slavyansk shahri yaqinida nishonga olingan. Hayotdan ko‘z yumganlar orasida armiya generali ham bo‘lgani aytiladi.

Slavyansk isyonkorlar va Ukraina armiyasi o‘rtasidagi qaqshatqich janglar sahna bo‘lib keladi.

Rossiya tarafi Ukrainani moskvaparast isyonkorlarga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish va "haqiqiy muloqotni boshlash" chaqirig‘ini takrorlagan.

Hodisalarning boshqa bir rivojida Ukraina, Rossiya va Ovro‘po Ittifoqi Berlinda Moskva va Kiyev o‘rtasidagi gaz mojarosini bartaraf etishga qaratilgan yangi muzokaralar davrasini boshlashi kutiladi.

Rossiyaning Gazprom shirkati agar Ukraina gaz bo‘yicha qarzlarini to‘lamasa, ta‘minotni uzib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

"Jinoyatchilar yo‘q qilindi"

Yakshanba kungi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan janob Poroshenko tikucharning urib tushirilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar oilalariga ta‘ziya izhor qilgan.

"Biz ukrainlar bundan keyin terrorchilar va jinoyatchilar qo‘lida nobud bo‘lmasligini ta‘minlash uchun barcha chorani ko‘rishimiz kerak", deb aytgan u.

Mi-8 rusumli harbiy vertolyot Slavyansk va Donetsk viloyati Kramatorsk shahri o‘rtasida kechgan qaqshatqich janglar payti otib tushirilgan. Tikuchar qo‘shinlarni harbiy bazaga tashlab qaytayotgan payti nishonga olingan.

Vertolyotdagi 12 inson halok bo‘lgan, ular orasida Ukraina Milliy Qo‘riqchilarini jangovor va maxsus tayyorlovdan o‘tkazish bo‘yicha rahbari - general - mayor Sergey Kulchitskiy ham bo‘lgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, vertolyotga hujum qilgan "jinoyatchilar" keyinroq Ukraina qo‘shinlari olib borayotgan "aksil-terror" amaliyotlari payti "yo‘q qilingan".

Oy boshlarida yana ikki tikuchar bo‘lginchilar tomonidan urib tushirilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.