"Toshkent yaqin yillarda bunday yog‘ingarchilikni ko‘rmagan"

Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Toshkentning ayrim ko‘chalarida harakatlanish to‘xtagan, ko‘p joylarni suv bosgan.

Yer osti yo‘llari va metro bekatlariga suv kirgan.

Toshkentliklarning aytishlaricha, "Chorsu" metrosini suv bosgani tufayli "O‘zbekiston" yo‘nalishida metro qatnovini bir necha soatga to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.

Ular oxirgi yillarda Toshkentda bunday kuchli yog‘ingarchilikni ko‘rmaganlarini aytadilar.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston poytaxtidagi sel oqibatlari aks etgan foto va videotasvirlar paydo bo‘lgan.

"Chorsu" metrosi yonidagi yer osti yo‘lini butkul suv bosganini ko‘rish mumkin.

Sel sathi ayrim joylarda bir metrgacha ko‘tarilgan.

Buncha ko‘p suvni Toshkent ko‘chalaridagi yomg‘ir suviga mo‘ljallangan ariqchalar ham uddalay olmagan.

Rasmiylarga ko‘ra, yog‘ingarchilik va sel oqibatida talofotlar bo‘lmagan.

Bir kun oldin Toshkentda kuchli shamol kuzatilgan.

Shamol daraxtlarni sindirib, ayrim uylarning tomlarini uchirib ketgan.

Singan daraxtlar avtomobillarning ustiga tushib shikast yetkazgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.