Uzwebiston: Futbolchi-fermer kimga yoqmadi?

Image copyright Kun.uz

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi Aziz Haydarovning chorva fermasi tashkil qilgani O‘zbek tilidagi Internet ijtimoiy tarmoqlarining eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzusiga aylandi.

Avvalambor bu xabarga qo‘yilgan sarlavha ayrimlarning e‘tiroziga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda nisbatan yangi internet-saytlar hisoblanadigan Daryo.uz va Kun.uz xabarining sarlavhasi bir xil: "O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Toshkentda molxona qurdi".

Bu xabarlar futbolchi Aziz Haydarovning agenti hisoblanadigan jurnalist San‘at Sharipovning Twitteridagi twitiga asoslangan.

"Haydarov Toshkentda, ta‘tilda. Ko‘pchilik bilmas, ammo uning o‘z fermasi bor. Hozir ko‘plab chorva mollarini yetishtiradi", - deb yozgan Twitterda agent San‘at Sharipov.

U, shuningdek, futbolchining sigirlar oldida yarim yalang‘och holda tushgan fotosuratini ham e‘lon qilgan.

"Qanaqa molxona? Chorvachilik fermasi-ku. Bunaqa ommaviy axborot vositasining boridan yo‘g‘i yaxshi", deya norozi bo‘lgan Twitter foydalanuvchisi Khafizov Jasur.

"Ferma desanglar chiroyliroq bo‘larmidi?", deya taklif bildiripti Dilmurod Mirzayev.

"Aziz Haydarov, sigir va San‘at Sharipov" degan fotosuratga tagso‘zni taklif qilipti boshqa bir Twitter foydalanuvchisi Temsa.

"Aziz Haydarov, sigir (o‘rtada), San‘at Sharipov demapsizlarda :)", deb yozipti Qahramon Aslanov.

1985 yilda tug‘ilgan Aziz Haydarov 2007 yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida o‘ynaydi.

web-saytlar uning O‘zbekiston jamoasi tarkibida 55 marta o‘yinga tushgani haqida xabar qilganlar.

U Birlashgan Arab Amirliklarining "Ash-Shabab" klubi yarim himoyachisi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002