Amerika askari besh Guantanamo mahbusi evaziga ozod qilingan

Image copyright AP

AQSh Prezidenti Barak Obama aytishicha, Amerika va Tolibon o‘rtasida muzokarachi bo‘lgan Qatar hukumati Afg‘onistonda Tolibon qariyb besh yil davomida tutqunlikda ushlab turgan serjant Bou Bergdal qo‘yib yuborilishi evaziga Guantanamoda saqlangan besh mahbusning xavfsizlik kafolatini bergan.

Bu haqda Prezident Obama Oq Uyga taklif qilingan amerikalik harbiyning ota-onasi Robert va Jeni Bergdallar yonida gapirgan.

Prezident Obama aytishicha, serjant Bergdalning ozod qilinishi Amerikaning "biror bir erkak va biror bir ayolni jang maydonida tashlab ketmaslik" va‘dasiga sodiqligini namoyish etadi.

Serjant Bou Bergdal Tolibon hibsda ushlab turgan yagona amerikalik harbiy bo‘lgan.

Image copyright Reuters

28 yoshli serjant Bergdal 31 may kuni Pokiston chegarasiga yaqin joyda Tolibon tomonidan Amerika harbiylariga topshirilgan.

So‘ng u Kobul yaqinidagi Bagram harbiy bazasiga, undan keyin Olmoniyadagi AQSh harbiy bazasiga olib ketilgan.

U 2009 yil 30 iyunida, Afg‘onistonga yuborilganidan ikki oy o‘tib Tolibon tomonidan asirga olingan edi.

Guantanamoda saqlangan besh mahbus u yerdagi tutqunlar orasidagi eng yoshi kattalari bo‘lgan.

Ular 2001 yilgacha Afg‘onistonni nazorat qilgan Tolibon hokimiyatida vazir, vazir o‘rinbosari, viloyat hokimlari va qo‘mondon lavozimlarida ishlagan shaxslardir.

Afg‘oniston Toliboni o‘z safdoshlari ozod etilganlaridan "katta baxtiyorlik" his qilganlari haqida e‘lon qilgan.

Guantanamo tutqunlari Qatar rasmiylariga topshirilgan, ular Qatarni 1 yil davomida tark etishlari taqiqlanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.