Nima uchun arab bahori demokratiyani olib kelmadi?

Image copyright AP

Yuzaki qarashda demokratiya arab dunyosida gurkirab yotgandek.

Seshanba kuni millionlab suriyaliklar Prezident saylovlarida ovoz berishadi. Misrliklar endigina Prezidentlarini saylab, bu yog‘iga xalq vakillarini tanlash arafasida.

Avvalroq Iroq va Jazoirda ham saylovlar bo‘lib o‘tdi. Quvaytliklaru tunisliklar ham bu yil saylov qutilari o‘ngiga borishadi.

Biroq bunisi yuzaki bir ko‘rinishdir. Arab bahori ko‘pni va‘da bergan esa-da, amalda ozroq narsaga erishgan.

Image copyright Reuters

Eski kadrlar

Image copyright BBC World Service

Misr misolini olaylik. Prezident Husni Muborak 2011 yili ag‘darilishidan so‘ng misrliklar ikki bor Prezident saylovlari, parlamentu Sho‘ro kengashi saylovlarida va uch referendumda qatnashishdi.

Biroq bu demokratik ko‘rinish ketida harbiylar va xavfsizlik xizmatining qudrati mustahkamdir. Yangi Konstitutsiyaga binoan harbiy mahkamalar fuqaro ishlarini ham ko‘rishlari mumkin, boshqa qonun esa raddiya izhor etish imkonlarini keskin cheklaydi. Albatta bularning bari demokratiyaga teppag‘teskari holatlardir.

General Sisining ham hokimiyatga kelishi harbiylar va islomchilar orasida qutblashgan bir mamlakatda yuz berdi Musulmon birodarlari tarafdorlari hamda liberal misrliklarning ko‘pi hozirgi holatga o‘z qarshiligini saylovda qatnashmaslik ila ifoda etishdi.

Image copyright BBC World Service

Yagona zafar

Arab bahoriga yuz tutgan mamlakatlardan birinchisi - Tunisdagina faqat bu bahor kurtaklari ochilgandek.

Harbiylar o‘z yobonlardan siljimay, turli siyosiy guruhlar bu mamlkatda murosaga borishga muvaffaq bo‘lishdi, hamda aksariyat aholini qoniqtirgan Konstitutsiya qabul qilishdi.

Tunis demokratiyasi oldida ham muammolar qator-qator, biroq mamlakat fuqaro tashkilotlarining mustahkamligi bu muammolarni yechila olishida kafolatning bir turidir.

Mazhabiy manfaatlar

Arab bahori ufurmagan ikki mamlakat Iroq va Livanda demokratik jarayonlar yillar davomida mazhabiy bo‘linish soyasida qolib ketdi.

Ikkala mamlakatda saylovchilar millat manfaatlarini ko‘zlab emas, balki mazhabiy qiziqishlarini himoyalab ovoz berishga mahkum etilgan.

Jazoirda demokratiya harbiylar ko‘lankasi ostidadir, Iordaniya va Marokashda esa yakkahokimlik tizgini deyarli bo‘shashgani yo‘q.

Ko‘rfaz mamlakatlarining aksariyati esa g‘arbiy qolipdagi demokratiyaning umuman an‘anaviy arab jamiyatiga keragi yo‘qligini aytib kelishadi.

Image copyright AFP

Asqotgan munozara

Arab dunyosida yakkahokimlik asoratlarini yo‘q qilish aftidan uzoq va mushkul jarayondir.

Ma‘rifat tizimini isloh etib taqlidiy madaniyat o‘rniga tergash va analiz madaniyatini kiritish bu ishda birinchi qadamlardan bo‘lishi mumkin.

Arab sputnik kanallarida munozaraviy eshittirishlar odatda ur-talash bilan tugaydi. O‘zganing qarshi fikrini qabul qilish - demokratiya ustunlaridan biridir.

Rost, Arab mamlakatlarida demokratiyaning turli darajadagi turfa ko‘rinilshlarini kuzatish mumkin. Biroq asqotgan narsa - keng ma‘nodagi siyosatdir. Nafaqat millatning eng yuqori manfaatlari, balki aholining iqtisodiy va ijtimoiy ehtiyojlariini ko‘zlagan turfa qarashlarning yo‘qligidir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.