"Anavinaqa kinolarni obkep ko‘rvossizmi?"

Image copyright bbc

Sira taksiga chiqmasdim, bir kuni shoshilinch mashina to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Bir yosh yigit o‘rtog‘i hamrohligida kira qilayotgan ekan, yo‘lkirani arzonroq kelishganim uchun chiqdim. Rul boshqarayotgan yigit ham, yonidagi sherigi ham butun yo‘l davomida telefondan bo‘shagani yo‘q. Ikkovi ham qizlar bilan gaplashib ketmoqda. Ruldagi yigit bir paytning o‘zida uchta qiz bilan gaplashmoqda, to‘xtab tur, uydan telefon qilishvotti, deydi va boshqasiga javob beradi. Uchchalovini ham laqqa tushirmoqda. U o‘rtog‘iga maqtanib, telefonini ovoz kuchaytirgichga qo‘ydi. Bir qiz yig‘lab zorlanmoqda, nega telefon qilmaysiz, falonchi aka, sevmay qo‘ydingizmi, deb. Keyin yigit unga o‘shqiradi, aldadingiz, aldamadim, degan tortishlar boshlanadi. Orada yigit o‘rtog‘iga "shu qizni sotaman, o‘n ming bersang bo‘ldi, hozir telefon nomerini beraman", deydi. Oldi-berdidan so‘ng haydovchi bola o‘rtog‘iga deydi "uch kunda o‘zingga o‘rgatib olasan, menga bir kundayoq ilingan".

Taksida guvoh bo‘lganim bu suhbatdan keyin anchagacha eshitganlarimga ishongim kelmadi. Biroq keyinchalik ba‘zi yosh yigitlar bilan suhbatlardan so‘ng bunday "qiz savdosi" yoshlar orasida urf bo‘lganiga amin bo‘ldim.

Qiz savdosi hozirda keng tarqalgan va o‘ta qulay Paynet xizmati nuqtalaridan boshlanadi. Odatda Paynet xizmatida asosan yosh bolalar va yigitlar o‘tiradi. Qizlar telefoniga pul tushirgani kelganida peynetchi bola ularning nomerini yozib olib, keyin tanishlariga sotar ekan. Notanish qizning nomerini sotib olgan yigit bechora qiz javob bermaguncha qo‘ng‘iroq qilaveradi. Qo‘ng‘iroqqa "alo" deb javob berilsa bo‘ldi, "men bilan gaplashgansan, salomimga alik olgansan" deb o‘sha qizning bo‘yniga qo‘yishar ekan. Agarda qizning yaqinlari, deylik otasimi, akasimi o‘rtaga tushsa, "qizing men bilan gaplashgan" deb turib olinar ekan. Guruh-guruh mushtlashuvlar asosan mana shunday qiz savdosidan kelib chiqmoqda ekan.

Odamning ishongisi kelmaydi, lekin bu qadar bezbetlik, surlik bugungi kunda tobora avj olib, urfga aylanmoqda. Bunda ertadan kechgacha aylantiriladigan yangi o‘zbek kinolarining ta‘siri beqiyos deb bemalol aytish mumkin. Ishonmasangiz, televizorni yoqing. Qaysi o‘zbek kinosini qaramang, bir yigit bir qizning yo‘lini to‘sib turgan, "sen baribir meniki bo‘lasan" deb, yonida yana bir da‘vogar, "yo‘q, sen meniki bo‘lasan", deb. Boshqasida ikki qiz bir yigitni talashayotgan. Ha, kinolarimiz faqat bachkana sevgi haqida. Umuman, "sevgi" degan so‘z huda-behuda, to‘xtovsiz takrorlanadigan bunday kinolarni yarim soat ko‘rgandan so‘ng yana sevgi so‘zini eshitgan odam qayt qilvorishi hech gap emas.

Hattoki baland sahnalarda turib ham o‘zining "bachkana aktyor"ligini ochiq tan oladigan va bundan faxrlanadigan kinoqahramonlarga ergashgan yoshlar hayotda kinodan ham o‘tkazib sevgi sarguzashtlarini boshdan kechirishni istaydi.

Oqibatda qizlarning ota-onalaridan dakki eshitishi, kaltak yeyishi va afsuski, hatto o‘z joniga qasd qilishga urinish hollari ham uchramoqda. Hech narsadan hech narsa yo‘q, bir qo‘ng‘iroqqa javob berish orqali qancha ko‘rguliklar yuzaga kelmoqda. Odatda, ota-onalar qizining sha‘nini o‘ylab, surbetlarcha birovning hayotini buzayotgan yigit ustidan militsiyaga murojaat etmaydi. Lekin militsiyaga arz qilgani bilan foydasi yo‘q. Hozir shonli militsiyamiz nima qilib bo‘lsa ham tushayotgan arizalarni og‘zaki holidayoq bartaraf etish payida.

Yigitlarning bu qiliqlariga yoshlik sho‘xliklari sifatida qarash ham mumkindir, biroq bu holat qizlarning kelajak hayotiga jiddiy ta‘sir ko‘rsatadi. Uyda ota-onasidan, o‘qishida ustozidan dakki eshitib, o‘zini xo‘rlangan his qiladi, hayotdan ko‘ngli soviydi.

Bu ham mayli, eng oxirgi yangilikni eshiting! Yangi urfga ko‘ra, sovchilar ishni telefon kompaniyalaridan boshlar ekan. Tushundingizmi? Tushunmagan bo‘lsangiz aytaman, yigit uylanmoqchi bo‘lgan qizning "tarixini" bilish uchun o‘z sovchilarini avvalo o‘sha qizning telefon kompaniyasiga jo‘natar ekan. U yerdan qizning qo‘ng‘iroqlar ro‘yxati qo‘lga kiritilgach, uning kimlar bilan "gaplashib yurgani" aniqlab olinarmish, mabodo telefon raqami o‘zgartirilgan bo‘lsa, avvalgi raqamlari topilar ekan. Shu tariqa qizning telefon "tarix sahifalari" toza bo‘lsa, keyin sovchilar jo‘natiladi. Buni menga juda taniqli o‘qituvchi ayol aytdi, u juda ko‘plarga kelin tanlashda maslahat bergan. Qizlaring o‘zini nomiga hech qachon telefon nomer olmasin, deb qo‘shib qo‘ydi u.

Ha, shunaqa gaplar, hayot "Super kelinchak", "Boyvachcha" kabi son-sanoqsiz bachkana va ma‘nan o‘ta sayoz o‘zbek filmlari ortidan qadam-baqadam ketmoqda. Mashhur o‘zbek aktyori Murod Rajabov bir kinoda yaqinda o‘g‘lini uylab, endi nevara kutayotgan ota rolini o‘ynar ekan, nevarani uzoq kutib qolgan bo‘lsa kerak, qoshini bir tomon uchirib, ko‘zini qisib, o‘g‘lidan "anovinaqa kinolarni obkeb ko‘rvossizmi", deb so‘raydi. Ya‘ni, har bir narsa o‘z nomi bilan ataladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda nomer bir aktyor o‘g‘liga "porno" film ko‘rishni tavsiya qilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.