Saudiyadagi yashirin "isyon"

Saudiyaning neftga boy Sharqiy Viloyatida o‘tgan uch yil davomida Arab bahoridan ruhlanib kelgan bir guruh fuqarolar hukumatning "po‘stagini qoqishmoqda".

Saudiyalik Safa Alahmad bu mintaqa va guruh ichiga kirgan ilk jurnalist bo‘ldi.

Saudiya Arabistonida norozilik chiqishlari haqida yozishmaydi.

Mamlakatda va ayniqsa Qatif mintaqasida jurnalistlarning erkin faoliyatini tasavvur qilish mushkul.

Ammo men mintaqani yaxshi bilaman.

Men bu yerda tavallud topganman.

Men Sharqiy Viloyatga o‘tgan ikki yil ichida bir necha bor safar qildim.

Bu safarlarimni Saudiya mulozimlaridan sir tutdim.

Men nima uchun bu mamlakatning shia ozchiligidan bo‘lgan faollar Qirol oilasiga qarshi chiqib o‘z jonlarini xatar ostiga qo‘yishlarini tushunmoqchi bo‘ldim.

Nima uchun bu norozilik chiqishlariga yo‘l qo‘yib berildi?

Mamlakatning shia ozchiligi asosan Sharqiy Viloyatda yashaydi.

Shialar aholining 15 foizidan kamroq va aksariyat o‘zlarining mazhabiy kamsitishlarga duchor bo‘lganidan noliydi.

Saudiyada namoyishlar 2011 yil boshlaridan ibtido topadi.

Avvaliga norozilik namoyishiga chiqqanlar bir necha yillardan beri mahkamasiz qamoqda qolayotgan to‘qqiz kishining ozod etilishini talab qilishdi.

Ular mintaqadagi Arab bahoridan ilhomlandilar.

Ammo bu an‘anador jamiyatda norozilikka toqat qilinmaydi.

O‘tgan uch yil davom etgan norozilik namoyishlarida yigirmadan ortiq yosh yigitlar o‘ldirildi.

Yuzlab yoshlar yaralandi va qamoqlarga tashlandi.

Bu kabi vaziyatda xabarchilik eng mushkul bir kasbga aylandi.

Men saudiyalikman, ammo kamera bilan yurish juda mushkul va doim qamoqqa olinish xavfi mavjud edi.

Bu mamlakatda ayol bo‘lganingizning o‘zi ayrim hollarda biror bir ishkal chiqishi uchun yetarli sababdir.

Menga abayamni (abaya - hijobning bir turi) yaxshi o‘ramaganim uchun diniy politsiyachi erkak baqirib berdi.

Asosan Saudiya tashqarisidan kelib ishlaydigan haydovchilar ham menga shubha bilan qarashardi.

Men asosan faollar tomonidan berilgan videoyozuvlar bilan chegaralanishga majbur edim.

"Ig‘vogarona amallar"

Norozilik faollari o‘z amallarini yaxshi hujjatlashtirishgan va bularni dunyoga oshkor etishni istashar edi.

Ular davlatga qarshi "ig‘vogar" amallarga ham qo‘l urishgandi.

Ulardan biri Qirol rasmini yoqish edi.

Bu kabi amal aksariyat saudiyaliklar uchun aqalli tasavvur qilib bo‘lmaydigan bir ishdir.

Men o‘nlab faollarni maxfiy yig‘inlarda uchrashdim.

Ular yagona bir talab va yoki g‘oyalarni ilgari surishmas, ammo hamma jiddiy islohotlar o‘tkazish kerak degan fikrda yakdil edi.

Qatif neftga boy mintaqa bo‘lsa ham shialar o‘zlarini iqtisodiy va siyosiy jihatdan kamsitilgan deb ishonishadi.

O‘tgan yil fevral oyida menga ikki shia faolining uyiga xavfsizlik kuchlari bostirib kirishgani, ammo Fazil al Safvaniy va Morsiy al Ribh amallab qochib qolishgani haqida xabar berishdi.

Avamiyaga kirganingizcha bir necha tekshiruv nuqtalaridan o‘tasiz.

Omadim chopib men u yerga kamera bilan kirib bordim.

Ikkala faol ham avvallari ommaviy axborot vositalariga gapirishga jur‘at qilishmagan, lekin bu gal o‘z taqdirlarini so‘ylab berishga bel bog‘lashgandi.

"Ular bizga terrorchilar kabi munosabatda bo‘lishdi. Bizni o‘ldirishni istayotganlari aniq edi", - deydi Safvaniy.

"Siz hozir butun dunyoni "to‘ydiradigan" neft koni ustida turibsiz... Ammo bizga urvog‘i ham kelmaydi. Qashshoqlik, ochlik, haqorat va haqsizlik... siyosiy erkinlik yo‘q. Nima qoldi? Bu ham yetmaganday bizga hujum qiladilar va bizni o‘ldirishni istaydilar..."

Bir yildan ortiqki, BBC Saudiya hukumatiga hozirgi holatni sharhlash uchun suhbatga chorlab taklifnomalar jo‘natadi. Javob yo‘q.

O‘tgan safarlarim davomida menga berilgan videotasmalarni ko‘zdan kechirar ekanman, ulardan birida bir erkak politsiyaga qarata to‘pponchadan o‘q uzganini ko‘rdim.

Hukumat namoyishchilarni qurol ishlatishda ayblar va ular doim bu da‘volarni rad etib kelishardi.

Men faollarning biridan qurol ishlatilganmi – yo‘qmi deb so‘radim.

"Albatta, Saudiya xavfsizlik kuchlari istagan uyga hujum qiladi, biz o‘z-o‘zini himoya qilishning barcha yo‘llarini oqlaymiz", - deydi u.

O‘tgan yili esa men Morsiy al-Ribh o‘ldirilganini eshitdim.

Uning do‘stlariga ko‘ra, al-Ribh diniy bayramga tayyorgarlik chog‘i ko‘chada politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Shu yil boshlarida esa ikki politsiya xodimi o‘ldirildi.

Xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o‘zaro zo‘ravonlik xalqasi ichiga tushib qolganday...

Qatif harbiylashgan hududga aylandi.

Ko‘p o‘tmay men bu yerda ortiq qololmasligimni tushundim.

Saudiyani tark etdim.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.