Abxaziya: Mamlakat rahbari noroziliklar oqibatida Suxumini tark etgan

Image copyright RIA Novosti

Gurjistonning bo‘lginchi hududi Abxaziya prezidenti muholifat uning idorasini bosib olganidan so‘ng poytaxtni tark etishga majbur bo‘lgan.

Xabarlarda aytilishicha, Aleksandr Ankvab muxolifat bilan muzokara ijobiy natija bermaganidan keyin o‘zi tug‘ilib o‘sgan Gudauta shahriga yo‘l olgan.

Rossiya dastaklayotgan bu mintaqada aksar odamlar iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmaganidan norozi.

Bu kayfiyatlarga abxaz millatchi hissiyotlar ham qo‘shilib noroziliklarning avj olishiga turtki bo‘lgan.

Abxaziya: tarixiy nazar

Abxaziya Gurjistondan bo‘linib o‘z mustaqilligini 1999 yili e‘lon qilgan. Gurjiston bu o‘lkani bo‘lginchi hudud deb hisoblaydi.

Abxaziya Gurjistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan.

Image copyright RIA Novosti

Uning janubi-g‘arbiy hududini Qora dengizi o‘ragan, shimoli-sharqiy hududlari esa Rossiya va Qofqoz bilan chegaradosh.

Sho‘rolar davrida bu joylar hordiq chiqarish uchun eng sevikli maskanlardan edi.

Sovet Ittifoqi qulashidan so‘ng Abxaziyada boshlanib ketgan mustaqillik uchun kurash mintaqa iqtisodiga salbiy ko‘rsatdi.

Moskva o‘z ta‘sirini mustahkamlash intilishida so‘ngi paytlarda bu hududga katta sarmoya kiritgan.

Abxaziya tarixi bevosita Gurjistonning tarixiga bog‘langan, zero bu ikki mamlakatning tillarini qardosh deb atab bo‘lmaydi.

Abxaz tili Shimoliy Qofqozda tarqalgan tillarga o‘xshashdir.

Image copyright RIA Novosti

Eramizdan oldin IX-asrdan boshlab Abxaz yerlari Gurjilar hukm surgan Kolxilar (Kolxida) qirolligining ajralmas qismi bo‘lgan.

Mazkur hudud VI-asrda nasroniylikni qabul qilgan.

Abxaziya mustaqil davlat sifatida 1008 yili Gurjiston qirolligiga qo‘shiladi.

XIX-asrda butun mintaqa Rossiya ta‘siri ostiga tushadi va 1864 yili Rossiya imperiyasi Abxaziyani zabt etadi.

Bolsheviklar inqilobidan so‘ng Abxaziyaga muxtoriyat maqomi berilgan, ammo keyinchalik 1931 yili Stalin bu hududni Gurjiston Sovet respublikasi tarkibiga kiritgan.

Sho‘rolar davrida rasman muxtor bo‘lishiga qaramay, Abxaz xalqining madaniyati Gurjilar ta‘qibi ostida bo‘lgan.

1991 yili Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Abxaziya aholisining 20 foizidan kamrog‘ini etnik Abxazlar, qolgan qismini Gurjilar tashkil qilardi.

Gurjiston mustaqil bo‘lganidan keyin Gurji hukumati nazoratidan chiqib ketish va Rossiyaga yaqinroq bo‘lish chaqiriqlari kuchayib boradi. Tanglik o‘sib boradi va 1992 yili Gurjiston o‘zaro munosabatlarni oldingi holiga keltirish maqsadida qo‘shin yuboradi.

Muhim sanalar

1993 yilning oxirida Abxaziyada qaqshatqich janglar ro‘y bergan. Minglab odamlar o‘ldirilgan va deyarli butun gurjizabon aholi o‘z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Gurjiston bu harakatlarni etnik tozalash deb ta‘riflaydi.

Oxir-oqibat Abxaziya 1999 yili o‘z mustaqilligini e‘lon qiladi va xalqaro hamjamiyat bu harakatlarga qarshi iqtisodiy jazo choralarini kiritadi. Natijada Abxaziyaning iqtisodiy aloqalari butkul Rossiyaga tayanib, Suxumi bilan temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.

Moskva Abxaziyada istiqomat qilgan aholiga Rossiya fuqaroligini osonlashtirdi va shu bilan Gurjiston hukumatini g‘azabga keltiradi.

15 yil mobaynida aksari rossiyaliklar bo‘lgan BMT tinchlikni saqlash kuchlari ikki mamlakat o‘rtasidagi bufer hududda joylashtirilgan.

Biroq 2008 yilning avgustida Rossiya va Gurjiston o‘rtasida Janubiy Osetiya ustidan kechgan urushda Rossiya qo‘shinlari Abxaziya hududidan o‘tib Gurjilarning bevosita yerlariga kirib, shu orqali ikkinchi jabha ochishga qodir bo‘lganlar.

Ayni vaqtda Abxaz kuchlari Gurjiston nazorati ostida bo‘lgan Kodori darasidan Gurji askarlarini siqib chiqarishga uringanlar.

2008 yilda yuz bergan mojarodan so‘ng, Moskva ikkala mamlakat, ya‘ni Janubiy Osetiya bilan Abxaziya mustaqilliklarini rasman tan olishini e‘lon qildi. Rossiya ittifoqdoshlari Nikaragua va Venesuela hamda Tinch ummonida joylashgan kichik orollar ham bu qadamlarni e‘tirof etishgan.

Bir yil o‘tgach, Moskva BMT kuchlarining vakolatlari uzaytirilishiga veto qo‘yib, Gurjiston bilan chegaradosh hududni o‘z nazorati ostiga olish borasida Abxaziya hukumati bilan kelishuv imzolagan.

Abxaziyada sodir etilayotgan so‘nggi hodisalarni ekspertlar guruhi tahlil qiladi.

Qashshoqlikka botgan o‘lka

Image copyright RIA Novosti

Abxazlarning sabr-toqat kosasi to‘lib oshib ketgan ko‘rinadi. Rossiya va de-facto Abxaz hukumati 2014 yilda o‘tkazilgan Sochi Qishki Olimpiada o‘yinlari mahalliy iqtisodning gurkirab rivojlanib ketishiga turtki bo‘ladi, deya va‘da qilishgan, biroq sira bunday bo‘lmagan. Olimpiada mintaqaga sayyohlarni olib kelib, qurilish uchun sarmoyalar va moliyaviy qo‘yilmalar keltirish o‘rniga Rossiya-Aabxaz chegarasidan o‘tgan xavfsizlik kordoni abxaziyaliklarning g‘azabini qo‘zg‘adi.

Abxaziyaning ba‘zi iqtisodiy muammolari de-facto hukumatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Rossiya mintaqada iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun barcha kuch-qudratga ega. Misol uchun, Chechenistonda keng miqyosda yo‘lga qo‘yilgan qurilishning yuksalishi aynan Moskvadan moliyalangani bois, u yerdagi odamlarning turmush sharoiti yaxshilangan(inson huquqlari abgor holatda qolayotgan bo‘lsa ham). Abxaziyada esa bunga o‘xshash vaziyat umuman yuzaga kelmagan ham.

Image copyright AFP

Biroq bu ham to‘liq vaziyatni aks ettirmaydi. Muholifat yomonlashayotgan iqtisodiy sharoitni asosiy muammo deb ko‘tarib chiqdi. Lekin shu bilan birga, noroziliklarning to‘lqini Prezident Aleksandr Ankvabning etnik Gurjilarga nisbatan liberal bo‘lgan siyosatiga qarshi qaratildi. Abxaziyaning etnik Gurji jamoasi asosan Gali hududida yashab keladi. Ankvab janoblari ularni Abxaz jamiyatiga to‘laqonli integratsiyalashi, shu bilan ularga Abxaziya fuqaroligi berilishini qo‘llab-quvatlab kelgan. Raul Xadjimba boshqargan muxolifat Ankvabni o‘z siyosiy manfaatlarini ko‘zlab saylovchilar bazasini kengaytirish orqali, Abxaz o‘zligini xavf ostiga qo‘yishda aybladi.

Xadjimba Ankvab boshqargan hukumatni Moskvaga yaqinlashishda ham ayblaydi. Garchi Abxaz jamiyatida Rossiya bilan xavfsizlik ittifoqini tuzishga siyosiy intilish hozir mavjud bo‘lsa ham, Xadjimba muxolifati rossiyaliklar Suxumida mol-mulk sotib olishlarini va umuman Moskva bilan o‘ta yaqinlashishni xohlamaydi.

Xadjimbaning siyosiy nazarlariga qanchalik ishonish mumkin – bu mavhum qolmoqda. Bir paytlar KGBning sobiq zobiti bo‘lgan Xadjimba Moskva xush ko‘rgan siyosatchilardan biri deb sanalgan.

Uning siyosiy qarashlarining o‘zgargani sobiq xo‘jayinlari bilan kelishmovchilik yuzaga chiqqanidan dalolat bo‘lishi mumkin. Bizga ma‘lum bo‘lgan narsa shuki, Xadjimba janoblari hokimiyatni boshqara olishiga ishongan shaxs. Prezident Ankvabga kelganda, uning siyosiy kelajagi Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qolgan. Agar Moskva o‘z siyosiy intilishlarini oqlamagan siyosatchi sifatida undan voz kechsa, Ankvab uchun hokimiyatni qayta qo‘lga kiritish qiyin bo‘ladi.

Muxolifatning kuchi nimadan iborat?

Image copyright Natalia Pronina

Xadjimba etnik millatchi. Abxaziyada Rossiyaga qarshi kayfiyatlarni izhor etish uchun siyosiy muxit yo‘qligini inobatga olsak, uni aksilrossiya siyosatchi deb ta‘riflash qiyin.

Uning platformasi etnik Abxaz o‘zligini saqlashdan iborat. Barcha ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiya mulozimlari uning nomzodini 2004 yili prezident Bagapshga qarshi qo‘llab-quvvatlaganlar. Xabarlarda Rossiya Prezidenti Putin uning foydasiga saylovoldi kampaniyasini o‘tkazgani ham aytilgandi.

Mazkur noroziliklar to‘satdan yuzaga keldimi?

Ular to‘satdan yuzaga kelgani yo‘q. Aprel oxirlarida muxolifat janob Ankvabga “5 may ultimatumi” deb nomlangan hujjat taqdim etdi. Hujjatda hukumatni iste‘foga chiqarish va radikal islohotlarni o‘tkazish kabi talablar o‘rin olgan edi. Biroq Abxaziya rahbari muxolifat talablarini jiddiy qabul qilmagani muxolif kuchlarni qator noroziliklarni uyushtirishga undadi. Muxolifatning kuch jamlab Ankvab va uning hukumatini ag‘darish qobiliyati kutilmagan bir hodisa bo‘lishi mumkin, biroq bunday rivojlanishni tasavvur qilish mumkin edi. Bu voqealarda Kreml yo-da Gurjistonning qo‘li bor deb aytib bo‘lmasa-da, agar janob Ankvab barqarorlikni ushlab turolmasligi ayon bo‘lishi bilanoq, Rossiya uning o‘rniga boshqa siyosiy ittifoqdoshni topishi aniq ko‘rinadi.

Prezidentning hokimiyatdan ketishi Abxaziyaning Gurjiston bilan Rossiya o‘rtaisdagi munosabatlariga qanday ta‘sir qilishi mumkin?

Agar janob Xadjimba hokimiyatga kelsa, ehtimol Galilik Gurjilar bundan oldin yo‘lga qo‘yilgan integratsion jarayon susayishini ko‘rishlari mumkin. Biroq Rossiya bilan aloqalar keng ma‘noda o‘zgarmaydi. Abxaziyaning Rossiya bilan o‘zaro rivojlanishi kamayishi mumkin, ammo shu vaqtga qadar Xadjimba Gurjiston yoki G‘arbga tayanish ehtimoli borasida biror belgi ko‘rsatmagan. Shuningdek, Suxumi byudjet va iqtisod masalalarida Moskvaga tayanishni davom etaveradi deb o‘ylayman.

Ukraina bilan o‘xshash jihatlari bormi?

O‘xshash jihatlari borasida gapirsak bu - korruptsiyaga botgan iqtisod ustidan hukm surgan rahbarga qarshi xalq noroziliklarga ko‘tarilganini ta‘kidlashimiz kerak. Qolgan umumiy jihatlarni ko‘rolmayman.

2. Inal Xashig, "Chegemskaya pravda" ro‘znomasining bosh muharriri, Suxumi:

Ankvab hokimiyatga kelishida ko‘p odamlar u bilan o‘z umidlarini bog‘lashgan edi. U iqtisodiy islohotlarni o‘tkazadi, deb o‘ylashgan edi. "Qonun posboni" imidji kuchli edi unda. Biroq korruptsiya uning humronligida badtar rivojlanib, hech qanday islohotlar o‘tkazilmadi. Yaqinda, u "islohotlarni o‘tkazishning foydasi yo‘q, chunki ularning og‘irligi xalqqa tushadi", deb aytgan.

3. Renat Karchaa, Abxaziya masalalari bo‘yicha mutaxasis, Moskva:

Misol uchun, Rossiyaning Abxaziyaga ajratayotgan moliyaviy yordamini tilga olaylik. Butun moliyaviy yordam yo ichki iste‘mol yo-da qurilishga xarajat qilinadi. Ikkala soha ham o‘ta muhim, biroq iqtisodning real sektoriga biror tiyin ham ajratilmaydi, ya‘ni, qayta tiklana oladigan manbalarning barpo etilishi uchun pul umuman yo‘q. Va bu jamiyatda tayyorga ayyorlik kayfiyatini kuchaytiradi. Lekin bu da‘volar nafaqat Ankvabga, balki Rossiya Federatsiyasiga ham qo‘yilishi lozim. Faqat sarmoya orqali iqtisodni ko‘tarish mumkin.

4. Aleksey Martinov, Yangi davlatlar instituti mudiri, Moskva:

Bugun Abxaziyada sodir bo‘layotgan hodisalarni sog‘lom siyosiy jarayon yoki yosh davlatning o‘sish davridagi qiyinchiliklari, deb ta‘riflash mumkin. Noan‘anaviy yo‘l orqali hokimiyatni ag‘darish urinishi sodir bo‘lgani, albatta, keskin qoralanishi kerak. Boshqa tomondan, bevosita demokratiya an‘anasi, ya‘ni butun xalq maydonga chiqib, o‘z rahbarlarini javobgarlikka tortishlari – bu Abxaz xalqining o‘tmishdan qolgan udumi, va men bunda hech qanday g‘ayrioddiylikni ko‘rmayman. So‘zsiz, bunday chiqishlar kontitutsion doirada o‘tishlari lozim, jumladan, demokratik saylovlar yo‘li bilan. Muddatidan oldin saylovlar orqali rahbarlarni hokimiyatdan chetlatish mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.