Obama: "Poroshenko Ukraina uchun oqilona tanlov"

Image copyright AP

Barak Obama Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Petro Poroshenkoni mamlakatni boshqara oladigan "oqilona tanlov", deb ta‘riflagan.

Amerika prezidenti ukrainalik hamkasbi bilan Varshavada uchrashgan.

Uchrashuvda Poroshenkoning Ukrainada tinchlik o‘rnatish rejasi va Amerikaning bu yo‘lda yordami muhokama qilingan.

Obama janoblariga ko‘ra, agar xalqaro hamjamiyat dastaklasa, Ukraina gullab-yashnaydigan demokratik mamlakatga aylanishi mumkin.

Obama janoblari Polshada kommunistik tuzum qulaganining 25 yillik bayramida ishtirok etadi.

Ammo Ukrainaning Qrim yarim oroli ikki oy avval Rossiya tomonidan qo‘shib olinishi Amerika prezidentining Ovro‘po safari ahamiyati oshirgan.

Rossiyaning ayni amali ortidan G‘arb-Sharq munosabatlari Sovuq urush davridan keyin eng yomon darajaga tushgan.

Obama janoblari Ovro‘podagi ittifoqchilariga Rossiya tomonidan har qanday "tajovuz" ehtimoli tug‘ilsa, AQSh ularni himoya qilishi haqidagi mujdani yetkazib qo‘ymoqchi.

Seshanba kuni u Ovro‘po xavfsizligi uchun qo‘shimcha bir milliard dollar ajratishini e‘lon qilgan edi.

Shuningdek, Amerikaning qit‘adagi harbiy hozirligi ham oshiriladi.

Bularning bari Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatiga javoban sodir bo‘lmoqda.

Petro Poroshenko Shanba kuni Ukraina prezidenti o‘laroq qasamyod qiladi.

Obama janoblari shuningdek, Kiyevning Rossiya bilan gazdan qarzini to‘lashda ham yordam va‘da qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.