Toliblar Amerika askarining ozod etilishiga oid videoyozuvni tarqatgan

Image copyright AL EMARA

Toliblar Amerika askarining 5 nafar Tolibon mahbusiga almashishga oid videoyozuvni tarqatgan.

Videoda askar Bou Bergdal (Bowe Bergdahl)ning tikucharda kelgan Amerika kuchlariga topshirilishi aks etgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, bundan oldin isyonkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amerika harbiyligi bilan kelishuvga borishi kuzatilmagan.

Vashingtonda esa, asir almashuv bitimi tanqidlar ostida qolgan va yetakchi siyosatchilar Tolibon a‘zolarining ozod etilishi amerikaliklar hayotini xatar ostiga qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.

Tarqatilgan videoyozuvda askar afg‘on milliy kiyim-boshida ko‘rinadi. Uning avtomobilda kutib o‘tirgani, bir necha yuzlari o‘ralgan qurollilar mashina atrofida va tepalikda turishadi. Biri qo‘lida oq bayroq ko‘tarib olgan. Shuningdek, videoda ko‘rinishicha, Black Hawk rusumli tikuchar yerga qo‘narkan, Tolibon jangarilari askar Bou Bergdalni uchrashuv nuqtasiga olib boradi va Amerika kuchlariga topshiradi. Keyin Bergdal tikucharga olib boriladi va uchib ketadi.

BBCga aytilishicha, askarni topshirish Xost viloyatining Ali Sher tumanidagi chekka Bataniy vodiysida Haqqoniy tarmog‘i a‘zolari tarafidan amalga oshirilgan. Mazkur hudud Pokistonning Vaziriston mintaqasidan 40 kilometr uzoqda joylashgan. "Hudud ayni guruh va uning qo‘mondoni Mulla Tajmir tarafidan nazorat qilinadi. U Tolibon tuzumida josuslik xizmatining yuqori martabali rasmiysi bo‘lgan va Sirojiddin Haqqoniy va Tolibon rahbari Mulla Umar bilan yaqin aloqalari bor", deydi BBC muxbiri Bilol Sarvariy.

Qo‘shma Shtatlar uzoq vaqtdan beri Haqqoniy guruhini katta tahdid sifatida ta‘riflab keladi. Mazkur tarmoqning Al-Qoida bilan ham aloqasi mavjud va Afg‘onistondagi xorijiy qo‘shinlarga qarshi qator yirik hujumlarga mas‘ul. Pokistonda joylashgan ushbu jangari tarmoq 2012 yil Amerika tarafidan terrorchi guruh atalgan.

Bou Bergdal ozod qilinganidan beri Amerikaning o‘zida bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan va respublikachilar bu amal amerikaliklar hayotini xatar ostiga qo‘yishi mumkin, deb ogohlantirishgan. Ularga ko‘ra, terrorchilar bilan kelishuvga borish va askarning evaziga Tolibonning yuqori martabali 5 a‘zosini Guantanoma hibsxonasidan Qatarga yo‘llash amerikaliklarni xavf ostiga qo‘yadi. Ayrimlarga ko‘ra, Obama janoblari asir almashinuvga rozi bo‘lish bilan Kongressni 30 kun oldin ogoh qilishga oid qonunni buzgan. Ammo, prezident o‘z qarorini himoya qilib chiqqan va askarni ortda qoldirmaslik "anchayin muqaddas qoida" ekanini aytgan.

Ayni paytda askar Bergdalning 2009 yil toliblar qo‘liga tushishiga oid tafsilotlar qorong‘u qolarkan, Amerika armiyasi bu masalani o‘rganishini aytgan.

Amerika yuqori martabali harbiy zobiti General Martin Dempsey ham agar askar Tolibon qo‘liga tushishidan oldin o‘z xizmat nuqtasini tashlab ketgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, deb aytgan.

Asli Idaho shtatidan bo‘lgan askar hozir Olmoniyadagi harbiy shifoxonada qolmoqda, uning ahvoli barqarorligi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.