"G‘arb Rossiya bilan hamkorlikka majbur"

Image copyright AFP

Jahonning eng rivojlangan yetti davlati rahbarlari Bryusselda navbatdagi sammitga yig‘ildilar.

Dunyoning sanoati rivojlangan "yirik sakkizligi" bo‘lib kelgan ushbu uyushma Rossiyaning Ukrainadagi amallari bois endi "ettilikka" aylandi.

Dastlab ushbu sammit Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Sochi shahrida rejalangan edi.

Lekin Rossiyaning Ukrainadagi amallari va Qrimning anneksiyasidan so‘ng u sakkizlik tarkibidan chiqarildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bryusselga taklif etilmagan.

Lekin ertaga Fransada Ikkinchi Jahon urushi davrida burilish nuqtalaridan hisoblagan Normandiyaga ittifoqchi kuchlar tushirilishi 70 yilligi marosimlariga janob Putin ham chaqirilgan.

Yettilik rahbarlari ham bu marosimlarda ishtirok etadilar va u yerda Vladimir Putin bilan yonma-yon turishlari va yo bir stol atrofida o‘tirishlari ehtimoldan holi emas.

Bu qanchalar o‘ng‘aysiz vaziyat bo‘ladi?

BBC bilan suhbatda Fransadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, yettilik safidan chiqarilish Rossiya uchun jiddiy siyosiy masala bo‘lsa ham, Ikkinchi Jahon urushi davrida fashizm ustidan qozinilgan g‘alabaga yirik hissa qo‘shgan mamlakat rahbarining taklif etilmasligi tarixiy xato bo‘lgan bo‘lur edi.

Boshqa tomondan marosimlarga mezbonlik qilayotgan Fransa prezidenti Olland janob Putin bilan uchrashishi rejalangan, ba‘zi boshqa rahbarlar ham u bilan yuzma-yuz uchrashmoqdalar, lekin AQSh prezidenti va yana qator rahbarlar uchrashishdan bosh tortganlar.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bu kabi holat Rossiyani G‘arb strategiyasidan mutlaqo uzib tashlamay turib, ma‘lum ma‘nodagina jazolash maqsadidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda matbuotda Fransa Rossiyaga bahosi 1 yarim milliarddan ko‘proq bo‘lgan ikki yirik harbiy kemani qurib, yetkazib berayotgani xabar berilmoqda.

Shuningdek, 400 Rossiya Dengiz kuchlari askarlari Fransaga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun kelayotganliklari ham aytilmoqda.

Bularning hammasi Rossiyaga nisbatan jazo choralari amalda samarasiz ekanligini ko‘rsatmoqdami?

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, aslida Rossiyaga nisbatan jazo choralari natija bermoqda.

Buni oxirgi vaqtlarda Rossiya prezidenti ohangining o‘zgarganida ko‘rish mumkin.

Boshqa tomondan G‘arbning maqsadi Rossiyani to‘liq ihotalab, o‘ziga raqib bir dushmanona qutb yaratish emas.

"G‘arb uchun Rossiyaning mas‘uliyatli jahon hamjamiyati ishtirokchisi sifatida saqlab qolinishi muhimdir", deydi tahlilchi.

"Energiya zaxiralariga boy bo‘lgan Rossiya bilan G‘arb o‘rtadagi sovuqlik va ishonchsizlikka qaramay hamkorlikni davom ettirishga majbur va mahkumdir"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.