Birmingemda maktablar islomlashganmi?

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron hukumatning ikki vaziri o‘rtasida islomiy radikalizmga qarshi kurash yo‘llari yuzasidan kelib chiqqan "dahanaki jang" hodisasini tekshirish buyrug‘ini berdi.

Janob Kameronga ko‘ra, ushbu tekshiruv iloji boricha tezroq muddat ichida yakunlanishi lozim.

Birmingem shahridagi ba‘zi maktablar ustidan islomiy radikallar nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lganlari haqida da‘volar yangrashi ortidan ta‘lim vaziri Maykl Gov va Ichki Ishlar vaziri Tereza Mey aytishib qolishgan.

Birmingemdagi maktablarni tekshirish natijasida, faoliyati ko‘rib chiqilgan 21 maktabdan bittasida o‘quvchilarni radikal islomiy qarashlardan himoya qilish uchun yetarli choralar ko‘rilmaganligi haqidagi xulosaga kelingan.

BBC muxbiri Rob Uotsonning xabar berishicha, 2001 yil 11 sentyabr hujumlari va 2005 yil Londondagi iyul hujumlaridan beri Buyuk Britaniya politsiya xizmati, siyosatchilar va davlat xizmatchilari islomiy ekstremizm g‘oyalariga qarshi qanday kurashish kerakligi borasida bosh qotirib kelganlar.

Bu orada yuzaga kelgan jamiyatdagi bahsda ikki "qutb" bor. Biri hamma e‘tibor va resurslarni zo‘ravonlik hujumlarini rejalashtirayotganlarga qarshi qaratish kerak deguvchi guruh. Va boshqasi urunishlarni musulmon jamoasining kengroq integratsiyasiga qaratish lozim deguvchi guruh.

Ana shu boradagi bahs ikki vazir va ularning xodimlari orasidagi "dahanaki jang"ga sabab bo‘ldi.

Bu ikki vazir hozirda iqtidorda bo‘lgan Konservatorlar partiyasi rahbarligi uchun bir kun kelib nomzod bo‘lish ehtimoli borligi aytilgan.

Birmingemdagi maktabning tekshirilishi natijasida shu narsa aniqlanganki, u yerda Islomdan tashqari boshqa biron din haqida ta‘limot berilmagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.