O‘zbekistonda shifokorlar dorixonalar bilan til biriktirganmi?

Image copyright PA

UZ24 yangiliklar portalining Facebook dagi "Jamoat kontroli" deya nomalangan sahifasida shifokrlarning dori-darmon savdosidan tushadigan foydaga aloqadorliklari haqida lavha chop etilgan.

Matbuot rasmiylarning qattiq nazorati ostida bo‘lgan O‘zbekiston uchun shaklan va ham mazmunan noodatiy bo‘lgan deyarli uch daqiqalik, multiplikatsion usulda, shuningdek turli kinofilmlardan olingan parchalar yordamida yaratilgan ushbu lavha "tibbiyotdagi tijorat" muammosiga e‘tibor qaratadi.

Unda aytilishicha, O‘zbekistonda "shifokorlarning dori-darmon ishlab chiqaruvchi shirkatlar bilan hamkorlik qilishlari hech kimga sir emas".

Shifokorlar o‘ta qimmat va ba‘zi hollarda keraksiz dori-darmonlarni tavsiya qilib, buning evaziga shirkatdan yoki uni sotgan dorixonadan "ulush" olarmishlar.

Bundan tashqari shifokorlar mijozlarni shaxsiy tibbiyot marazlaridagi qimmat tashxis qo‘yish va tekshirish muolajalariga yuborib, u yerdan ham "ulush" oladilar deyiladi lavhada.

Lavhada bu kabi holatlarga duch kelgan mijozlarning so‘zlari aktyorlar ovozi bilan keltirilgan.

UZ24 bu da‘volarni O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash vazirligi mutasaddilari e‘tiboriga olib chiqishi va ularning munosabatini muxlislarga yetkazishni ham va‘da bergan.

BBC o‘z navbatida bu muammoni o‘rganishga harakat qilib ko‘rdi.

Biz bilan suhbatlashgan Qarshilik ayolaning aytishicha, uning dorixonaga tez-tez ishi tushib turadi.

"Deyarli har gal borganimda, "sizga bu dorini qaysi shifokor yozib berdi" degan savol berishadi. Menimcha, bu savolning ortida qanday maqsad yotganini endi anglab yetayotgandekman", dedi u BBC bilan suhbatda.

UZ24 lavhasiga Facebook da munosabat qoldirgan foydalanuvchilarning aytishlaricha, bu muammoga shifokorlarning yetarli maosh olmasliklari sababdir.

Yana bir boshqa fikrga ko‘ra, agarda shifokor kerakli dorini yozib bergani uchun "foyda ulushi" olgan bo‘lsa buning hech qanday noqonunuiy yeri yo‘q. Boshqa tomondan aniq va qimmatbaho tashxis qo‘yish moslamalari ko‘plab shifoxonalarda yo‘q va shuning uchun ular mijozlarni shaxsiy markazlarga yuborishga majburlar.

Siz bu muammo bilan duch kelganmisiz va u O‘zbekistonda ne qadar keng tarqalgan, deb o‘ylaysiz?

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.