Braziliyalik yetim-esir tana a‘zolari sotilganmi?

Image copyright AP

Braziliyaning San-Paulo shahri prokurorlari shaharda qarovsiz o‘lgan insonlarning tana a‘zolari noqonuniy ravishda tibbiy tadqiqotlar uchun olingan degan gumonlarni tekshirmoqda.

Tekshiruv markazida San-Pauloning tibbiy ilmgohi qanoti ostidagi patanatomiya xizmatining faoliyati. Bu xizmatning asosiy vazifalaridan biri - qarindosh-urug‘siz ko‘cha-ko‘yda qolib ketgan insonlarni vafotidan keyin yorib tekshirishdir.

Bu xizmat rasmiylari hech qanday noqonuniy faoliyat bo‘lmaganini aytishib, hamisha qonunga binoan amal qilganlarini bildirishmoqda.

Prokurorlarning BBCga aytishlaricha ular patanatomiya xizmatining murdalarni yorganda ularning qarindosh-urug‘ini qidirishga ko‘pam harakat qilmay, heshu-taborinng rizoligisiz ichki tana a‘zolarini tibbiy tadqiqot uchun olganlik aybini tekshirishmoqda.

Olingan tana a‘zolari keyinchalik San-Pauloning tibbiy ilmgohlari va xususiy klinikalarga sotilgan degan shubha mavjud. Tana a‘zolarini sotish esa Braziliya qonunlariga ziddir.

Prokuraturaning ma‘lumotlariga ko‘ra so‘nggi 15 yil ichida qariyb 3 ming insonning jasadi patanatomiya xizmati tarafidan yorilgach, so‘ng ba‘zilarining hatto xujjatlari bo‘lishiga qaramay - ommaviy qabrlarga ko‘milgan.

Ba‘zi holatlarda ko‘chada topilgan jasadlar cho‘ntaklarida oltitagacha telefon kontaktlari bo‘lishiga qaramay xizmat loqaydlik ko‘rsatib bular ila aloqada bo‘lmagan.

Prokuraturaning aytishicha bularning qanchasidan ichki tana a‘zolari olinib, qanchasi sotilgani noma‘lum va bunga qattiy isbot ham hozircha yo‘qdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.