Tojikiston fuqarolarining axloqi...tekshiriladi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Dushanbe Yoshlar endi o‘z juftlarining axloqiy sifatlaridan to‘ygacha voqif bo‘lishlari mumkin

Tojikiston Ichki Ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda bo‘lajak kelin-kuyovlarga to‘y oldidan o‘z tanlagan juftlari o‘tmishda jinoyat sodir etmaganmi, jinsiy kasalliklar bo‘yicha davolangani yoki yo‘qligini aniqlashlariga imkon berilishini taklif qilmoqda.

Shu maqsadda vazir yoshlarga tegishli manzillardan kerakli ma‘lumotlarni olishni ta‘minlaydigan o‘zgartirishlarni oila kodeksiga kiritishni taklif etgan.

Rahimzoda fikriga qaraganda, bu choralar yoshlarni mustahkam oila qurishlariga yordam beradi va oilani ajralib ketishdan saqlaydi.

U shuningdek, fuqarolarning axloqsiz harakatlariga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirgan, jamiyatning axloqiy me‘yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar sodir etganlar haqida ma‘lumotlar Ichki Ishlar vazirligiga yetkazilishi kerakligini aytgan.

Image caption Rahimzoda jamiyatdagi hodisalarga o‘zining noodatiy qarashlari bilan tanilgan

Ichki Ishlar vaziri jinsiy ko‘rinishdagi jinoyatlar, fuqarolarning axloq me‘yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan uyatsiz harakatlari borasida xavotir bildirgan.

Bu yerda fohishabozlik, qo‘shmachilik, jinsiy qullik va odam savdosi nazarda tutilmoqda.

Vazir Ramazon Rahimzoda tegishli idoralarni Tojikiston fuqarolarining ma‘naviy ko‘rinishlarini sinchiklab tekshirishga da‘vat qilgan.

Vazir aytgan axloqsiz harakatlarga qarshi kurash doirasida butun mamlakat bo‘ylab maxsus amaliyotlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Vazir jamiyatdagi dolzarb masalalarni yechishda o‘zining noodatiy yondashuvi bilan tanilgan.

Oldinroq u hukumatga giyohvand moddalarning mamlakatga kirib kelishiga qarshi taklif bilan chiqqan.

Janob Rahimzoda afg‘on fermerlaridan ko‘knori hosilini sotib olish va uni dorishunoslikda foydalanish yoki yo‘q qilib yuborishni taklif qilgan edi.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rahimzodaning yangi tashabbusi Tojikistonda hammaga ham ma‘qul emas

Tojik hukumati oila va diniy an‘analarning saqlanishi muhimligini ta‘kidlaydi.

Rasmiylar Tojikistonda muammolar mavjudligini tan oladi, Dushanbe ko‘chalarida esa fohishalar sezilarli darajada ko‘paygani ham aytiladi.

Biroq, siyosatshunos Shokirjon Hakimov ijtimoiy-iqtisodiy sabablar bilan bog‘liq muammolarni yechishda keskin, shafqatsiz choralar yordam berishiga ishonmaydi.

"Shu paytgacha dunyodagi biror mamlakat, dini, madaniy xususiyatlari, iqtisodiy ko‘rsatkichlaridan qat‘iy nazar bu muammoni yechishning uddasidan chiqa olmagan.

Tojikistonda hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy voqelik bois fohishabozlikni sekinlashtirish deyarli imkonsiz", deb aytadi siyoshatshunos.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Tojikistonda hozir bir erkakka 3-4 ayol to‘g‘ri keladi

Tojikistonda fuqarolar urushidan keyin va ommaviy mehnat muhojirligi boshlangach, mamlakatda gender tengsizlik kuzatilmoqda.

Bir erkakka 3-4 ayol to‘g‘ri keladi. Rossiya va Qozog‘istonga tirikchilikka ketgan tojik erkaklari o‘sha yerda boshqa ayolga uylanishi tez-tez uchraydi.

Oxirgi yillarda mehnat muhojirlari tomonidan xotinlarini tashlab ketish hollari bir baravar oshgan.

Bu ham vaziyatni murakkablashtiradi, deydi Shokirjon Hakimov. "Ichki ishlar vazirligi taklifida ijobiy jihatlari ko‘p, lekin hukumat oqibatlari bilan kurashmoqda lekin uning sabablari e‘tibordan chetda qolmoqda.

Ko‘p ayollar hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun ilojsizlikdan fohishabozlik bilan shug‘ullanadi. Shu sababli bu mummoni keskin choralar bilan yechishga urinish natija bermaydi", deb qo‘shimcha qiladi ekspert.

Ayollar aybdor Tojik qonunchiligiga ko‘ra, fohishabozlik taqiqlanmagan va jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutmaydi.

Fohishabozlik bilan shug‘ullangan shaxs ushlanganda, ma‘muriy jazo, ya‘ni jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari mamlakat qonunlari turmush qurmaganlar orasida nikohsiz aloqani taqiqlamaydi.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Ayollar gap-so‘zdan qo‘rqib, o‘zlarining muammolarini gapirishni xohlashmaydi

Biroq jamiyatda bunday harakatlar qoralanadi, uyat sanaladi.

Shu boisdan yoshlar o‘zlarining munosabatlarini odamlardan sir tutishga harakat qiladilar.

Ayollar gap-so‘zdan qo‘rqib, o‘zlarining muammolarini gapirishni xohlashmaydi.

Tojikiston oila va ayollar qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil mamlakatda olti yuzdan ortiq odam savdosi hollari ro‘yxatga olingan, undan 72 tasida uchinchi mamlakatga fohishalikka olib ketilgan ayollar qayd etilgan.

Fohishabozlik va jinsiy qullikni ochiq muhokama qilish Tojik jamiyatida qabul qilinmagan.

Bundan tashqari qo‘shmachilarni mahkamaga tortishga kamdan-kam ayol jur‘at qiladi. Jamoatchilik fikri ayollarni qo‘rqitadi. Ular shuningdek, qarindoshlaridan qo‘rqishadi, o‘zlarining harakati uchun qoralashlari mumkinligi sababli bolalari kelajagidan xavotir olishadi.

Huquq faoli Gulchehra Mirzoyevaga ko‘ra, 10 tadan 8 kishi orasida doimo ayollar aybdor qilib ko‘rsatiladi, ko‘nglida ayollarga xayrixoh bo‘lganlar ham buni ochiq aytishmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.