Braziliya 2014: Yagona Kubok uchun kimlar kurash olib boradi?

Image copyright AFP

Shuncha shov-shuvlar bilan kechgan yakuniy bosqich saralash bellashuvlariyu, Bosh murabbiylarining so‘nggi qarorlari ortidan, va nihoyat, yana sanoqli kunlardan so‘ng Braziliyada yagona kubok uchun bellashuvchi milliy terma jamoalar va ularning yakuniy tarkibi ham ayon bo‘ldi.

Jahon birinchiligi start oluvchi 12 iyunga qolmay, ishtirokchi 32 davlatning bayroqlari ham Braziliyani yasatib ulgurdi.

Ammo milliy terma jamoalarning bu galgi ro‘yxatiga qaralsa ham, syurprizlar sanoqli.

G‘oliblik uchun asosiy da‘vogarlar esa, dunyoning istalgan burchagidagi kattayu kichik futbol ishqiboziga birdek tanish chehralar.

Albatta g‘olib chiqadi, deb pul tikilayotgan ikkita milliy terma jamoadan bittasi mezbon Braziliya.

Jamoa bu galgi chempionatda o‘zlarini 2002 yilda to‘rtinchi bor jahon chempioni qilgan yangi Bosh murabbiysi Luiz Felipe Skolari boshchiligi ostida va Neymardan tortib, Oskar, Ramires va Villian kabi anchayin yosh yulduzlariga tayanib maydonga tushadi.

Ustiga ustak, o‘z uyingda to‘p sursang, maydoning ham yordam beradi, degan gap ham bor.

Yana mezbon davlatligi ish berib, "kanareykalar" yoki oltin jamoa butunboshli saralash bosqich bellashuvlaridan ham "omon qolgan".

Image copyright All Sport

Ammo so‘nggi Konfederatsiya Kubogida aynan Braziliyaga 3:0 hisobida yengilganiga qaramay, bu yil yana Ispaniya jahon chempioni bo‘ladi, deguvchilar ham oz emas.

Amaldagi jahon va Ovro‘po chempioni, yana saflarida Xavi, Inesta, David Vilyalar kabi kimsan "Barselona"yu "Real" Madrid kabi dunyoning eng old klublari yulduzlari to‘p surib turishsa...

Bu ikkovlondan keyin Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida o‘zlariga Bosh murabbiylik qilgan va "XX asrning eng zo‘r futbolchisi" bo‘lgan Diyego Maradonasiz maydonga tushayotgan esa-da, to‘rt karra "Jahonning eng zo‘r o‘yinchisi" Lionel Messi yana yulduzlik qilayotgan Argentina milliy terma jamoasi ham bor.

Saflarida bir-biridan sara futbolchilarning yangi avlodi to‘p surayotgan, so‘nggi jahon chempionatida biroz g‘o‘rliklari pand bergani aytilgan, ammo o‘tgan to‘rt yil ichida pishib yetilgani bashorat qilinayotgan Olmoniyaning ham bir chetda qarab turmasligi aniq.

Shu kunlarda o‘tkazayotgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi o‘yiniga qarab, Italiya bu gal biroz kuchsizdekmi, deguvchilar topilsa-da, ularning kerak paytda o‘z kuchlarini ko‘rsatib qo‘yishga qanchalik qodir ekanliklari ham futbol ishqibozlariga yaxshi ayon.

O‘tgan galgisidek o‘z qit‘alarida bo‘lib o‘tmayotgan esa-da, Braziliyadagi jahon chempionati Afrika davlatlari uchun ham o‘zlarini ko‘rsatishning yaxshi imkoniyati bo‘ladi.

Image copyright AFP

Bir yoqdan Gana, boshqa tarafdan Kamerun, Nigeriya va FIFAning shu oygi reytingida butunboshli Afrika qit‘asida zo‘rlarning zo‘riga aylanib olgan Jazoir...

Agar, mezbon bo‘lmasa, qanchalar kuchsizligidan 2010 yilgi jahon chempionatiga umuman chiqa olmasligi aytilgan Janubiy Afrika esa, bu gal televizor ekralariga qanoat qiladigan ko‘rinadi.

O‘tgan galgi birinchilikda dunyo bo‘ylab aksariyat futbol ishqibozlarining e‘tiborini o‘ziga tortgan Shimoliy Koreya milliy terma jamoasi esa, bu yil kubok uchun bellashuvchi 32 milliy terma jamoa orasida yo‘q.

Ammo devor-darmiyon qo‘shnilari Janubiy Koreya Braziliyada Yaponiya, Eron va Avstraliya bilan birga O‘zbekiston ham mansub bo‘lmin Osiyo qit‘asini namoyon etishadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining bu yil o‘z tarixida ikkinchi bor jahon chempionatiga chiqishiga bir bahya qolgan, ammo bu gal ham pley-off bosqichidan ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.