Shinjon Uyg‘uristonida to‘qqiz Uyg‘ur o‘lim jazosiga hukm etilgan

Image copyright REUTERS

Xitoy matbuoti xabar qilishicha, Shinjon Uyg‘uristonida terrorizm bilan bog‘liq ayblovlar bilan to‘qqiz kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Ular turli mahkamalar aybdor deb topgan 81 kishi orasida bo‘lgan.

Xitoy davlat televideniyesi xabar tarqatishicha, hukmlar oltita mahkamada e‘lon qilingan.

Mahkamaga tortilganlarga qo‘yilgan ayblovlar orasida qotillik va o‘t qo‘yish bandlari ham bo‘lgan.

Bundan oldin 29 "terror gumondori" Urumchi shahrida bo‘lginchilik va milliy nizoni gijgijlash ayblovlari bilan hibsga olingan.

Xitoy rasmiylari mamlakat bo‘ylab tinch fuqarolarga nisbatan hujumlar ko‘payishida Uyg‘ur jangari guruhlarini ayblab keladilar.

Image copyright Reuters

Hujumlardan biri o‘tgan yili poytaxt Pekin markazidagi Tyananmen maydonida olomon ustiga haydalgan va o‘t olib ketgan avtomobil hujumidir.

Ushbu hodisada besh inson halok bo‘lgan.

Kunmin temir yo‘l vokzalida pichoqlar bilan odamlarga hujum qilingan, Urumchi vokzalida esa xudkush hujumchilar o‘zlarini portlatganlari xabar qilingan.

Xitoy davlat televideniyesiga ko‘ra, so‘nggi mahkamada ayblanuvchilarga qo‘yilgan asosiy ayblov terrorchilik tashkilotini tuzish, bu tashkilotga a‘zo bo‘lish yoki rahbarlik qilish bandi bo‘lgan.

Shinjondagi oltita mahkama jami 23 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqqani, to‘qqiz kishiga o‘lim jazosi, qolganlarga uzoq yillik qamoq jazolari tayinlaganini xabar qilgan Xitoy TVsi.

"Bir yillik kampaniya"

Image copyright AFP

So‘nggi hukmlar mintaqada keng miqyosli xavfsizlik choralari ko‘rilayotgan paytda e‘lon qilinmoqda, deydi BBCning Shanxaydagi muxbiri Jon Sadvors.

O‘tgan oy besh xudkush bombachi Shinjon poytaxti Urumchidagi ko‘cha bozoriga hujum qilgani va oqibatda 39 kishi o‘lgani ortidan Xitoy, o‘zining ta‘biricha, "terrorizmga qarshi bir yillik kampaniya" boshlaganini e‘lon qildi.

O‘tgan hafta Shinjondagi stadionda sazoyi mahkama tashkil qilindi, unda 55 kishi ustidan terrorizm, separatizm va qotillik ayblovlari bilan hukmlar o‘qildi.

Pekin tinch fuqarolarni nishonga olgan hujumlar soni ko‘payib borayotganida Uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblaydi.

Image copyright Reuters

Pekinga ko‘ra, Uyg‘ur bo‘lginchilari xorijdagi diniy ekstremistik mafkuradan ilhomlanayaptilar.

Xitoyning Shinjondagi siyosati tanqidchilariga ko‘ra, Uyg‘urlarda radikallik va g‘azab oshib borayotganining sababi mintaqadagi iqtisodiy tengsizlik, Uyg‘urlarga nisbatan Xitoy hukumati madaniy va diniy qatag‘onni kuchaytirayotganidadir.

Xitoy Shinjon mintaqasini rivojlantirish maqsadida katta-katta mablag‘larni sarflayotganini aytadi.

Biroq Uyg‘urlar esa o‘zlarining erkinligi va madaniyati, urf-odatlariga hujum kuchayib borayotganini aytadilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.